SpaceX Texasda 119 milliard dollarlik Terafab chip zavodini qurishi mumkin

Elon Muskga tegishli SpaceX kompaniyasi Texas shtatining Grimes okrugida yarimoʻtkazgichlar ishlab chiqaruvchi yirik zavod qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasida dastlabki bosqichda 55 milliard dollar, umumiy hisobda esa 119 milliard dollargacha mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan. "Terafab" deb nomlangan ushbu majmua vertikal integratsiyalashgan, ilgʻor hisoblash texnologiyalariga asoslangan ishlab chiqarish markazi boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ushbu tashabbusda Tesla kompaniyasi ham resurslar bilan ishtirok etadi. Shuningdek, loyihaga chip ishlab chiqarish giganti Intel ham jalb qilingan. Hamkorlikdan koʻzlangan asosiy maqsad — sunʼiy intellekt serverlari, sunʼiy yoʻldoshlar, kosmosdagi maʼlumotlar markazlari, shuningdek, Tesla avtonom avtomobillari va robotlari uchun zarur boʻlgan chiplarni ishlab chiqishdir.
Elon Muskning taʼkidlashicha, mavjud yarimoʻtkazgich ishlab chiqaruvchilar uning kompaniyalari ehtiyojini qondirishga ulgurmayapti. "Biz yo Terafabni qurishimiz kerak, yoki chiplarsiz qolamiz", — deya yozdi milliarder ijtimoiy tarmoqlarda. Uning soʻzlariga koʻra, zavod kelajakda yiliga 1 Teravatt quvvatga teng chiplar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlishi kerak.
Hozirda Grimes okrugi ushbu zavod uchun koʻrib chiqilayotgan bir nechta hududlardan biri hisoblanadi. Ushbu loyiha xAI kompaniyasining Grok sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun yetarli hisoblash quvvatini taʼminlashga qaratilgan. SpaceX va xAI birlashgan tuzilmasining bozor qiymati 1,25 trillion dollarga baholanmoqda va kompaniya iyun oyida IPOga chiqishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!