SpaceX kompaniyasining ulkan Gigabay majmualari qurilishi davom etmoqda

SpaceX kompaniyasi Starship kosmik kemalarini ishlab chiqarish va modernizatsiya qilishga moʻljallangan Gigabay nomli ulkan majmualar qurilishini jadallik bilan davom ettirmoqda. Ayni vaqtda kompaniya bir yoʻla ikkita yirik yigʻuv zavodini barpo etmoqda: biri Texasdagi Starbase bazasida, ikkinchisi esa Florida shtatidagi Roberts Road hududida joylashgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi eʼlon qilingan suratlarda Floridadagi inshootning qurilish jarayoni aks etgan. Unda kranlar oʻrnatilgani, devor va ustunlar koʻtarilib, bino qoplamalari oʻrnatilayotgani koʻrinadi. Har ikkala obyektni 2026-yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Gigabay inshootlarining koʻlami hayratlanarli: balandligi 116 metr, uzunligi 110 metr va kengligi 130 metrni tashkil etadi. Umumiy foydali maydoni qariyb 75 700 kvadrat metrga teng boʻlgan bu binolar mavjud Mega Bay majmualariga qaraganda 11 barobar kattaroq ishlab chiqarish quvvatini taʼminlaydi.
Ilon Maskning soʻzlariga koʻra, bu dunyodagi eng yirik inshootlardan biri boʻlib, yiliga mingta Starship kemasini ishlab chiqarishga moʻljallangan. Kompaniya 2029-yilga borib Starship parvozlarini soatiga bir martadan koʻproq amalga oshirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!