Realme 16x smartfoni yaqin orada taqdim etiladi

Realme kompaniyasi o‘zining Realme 16 turkumidagi navbatdagi modelini chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Realme 16x smartfoni BIS regulyatori bazasida paydo bo‘ldi, bu esa qurilmaning rasmiy taqdimoti juda yaqin qolganidan dalolat beradi. Sertifikatlash jarayoni 2026-yil 6-may kuni yakunlangan bo‘lib, insayder Abhishek Yadav ham yangi modelning tez orada bozorga chiqishini tasdiqladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon Endurance Brown va Glory White ranglarida sotuvga chiqariladi. Xaridorlarga xotira sig‘imi bo‘yicha 4/128 GB, 6/128 GB va 6/256 GB variantlari taklif etilishi kutilmoqda. Mazkur yangilik hamyonbop 5G-smartfonlar segmentiga mo‘ljallangan.
Taxminlarga ko‘ra, Realme 16x o‘zidan avvalgi Realme 15x 5G modelining davomchisi bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, avvalgi model 144 Gts yangilanish tezligiga ega ekran, Dimensity 6300 chipi, 7000 mA•soat sig‘imli akkumulyator va 60 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan jihozlangan edi.
Hozircha Realme 16x modelining texnik xususiyatlari to‘liq oshkor etilmagan. Biroq ekspertlar kompaniya katta sig‘imli batareya, maqbul unumdorlik va jozibador narx konsepsiyasini saqlab qolishini kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!