Uber tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Lime kompaniyasi IPOga chiqmoqda

Uber sarmoyasi bilan rivojlanayotgan elektr velosiped va skuterlar ijarasi xizmati — Lime kompaniyasi ommaviy aksiyalar savdosiga (IPO) chiqish uchun hujjatlarni topshirdi. Neutron Holdings Inc. nomi ostida faoliyat yurituvchi kompaniya uzoq vaqtdan buyon fond bozoriga kirishni rejalashtirib kelayotgan edi. Bosh direktor Wayne Tingning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘zining moliyaviy ko‘rsatkichlari va o‘sish sur’atlari bilan ommaviy bozorga tayyor. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya Nasdaq birjasida "LIME" belgisi ostida ro‘yxatdan o‘tishni niyat qilgan. AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, Lime daromadlari barqaror o‘sib bormoqda. Xususan, 2025-yilda kompaniya 886,7 million dollar daromad ko‘rgan. Garchi sof foyda hali qayd etilmagan bo‘lsa-da, kompaniyaning erkin pul oqimi 2025-yilda 104 million dollarni tashkil etib, sezilarli darajada yaxshilangan.
2017-yilda tashkil etilgan Lime kompaniyasi Uber bilan yaqin hamkorlik aloqalariga ega. 2020-yilda Uber kompaniyaning 170 million dollarlik investitsiya bosqichiga yetakchilik qilgan edi. Ushbu kelishuv doirasida Lime Uber’ning Jump bo‘linmasini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. Bugungi kunda Lime xizmatlari 29 mamlakatning 230 ta shahrida mavjud.
Lime va Uber o‘rtasidagi hamkorlik kompaniya rivojlanishida muhim omil bo‘lib qolmoqda. Foydalanuvchilar Lime skuterlari va velosipedlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Uber ilovasi orqali ijaraga olishlari mumkin. SEC hujjatlariga ko‘ra, o‘tgan yili Lime umumiy daromadining qariyb 14,3 foizi aynan Uber bilan bo‘lgan hamkorlik hissasiga to‘g‘ri kelgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!