Insoniyat tarixidagi eng yirik raketa Starship V3 ilk parvoziga hozirlanmoqda

SpaceX kompaniyasi Starship V3 konfiguratsiyasidagi raketaning ilk sinov parvozi sanasini e'lon qildi. Parvoz 20-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:30 da Janubiy Texasdagi Starbase kosmodromidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu missiya kompaniya uchun texnologik jihatdan muhim qadam hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Starship V3 raketasi takomillashtirilgan Raptor dvigatellari, yangilangan birinchi bosqich arxitekturasi va boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan. Dastlabki sinov davomida Super Heavy tezlatgichini start maydonchasiga qaytarish emas, balki uni ochiq dengizga qo‘ndirish ko‘zda tutilgan. Yuqori bosqich esa kosmosga 22 ta Starlink sun'iy yo‘ldoshi maketlarini olib chiqadi.
Missiya davomida SpaceX muhandislari issiqlikdan himoya qiluvchi qoplamalarni sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan. Buning uchun kemaning ayrim qismlaridagi himoya plitalari olib tashlangan va maxsus bo‘yoqlar bilan qoplangan. Shuningdek, sun'iy yo‘ldosh maketlari yordamida atmosfera qatlamiga kirish jarayoni kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Starship V3 raketasining umumiy balandligi 124 metrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich uni afsonaviy Saturn V raketasidan ham 13,4 metrga uzunroq qiladi va uni insoniyat tarixidagi eng yirik uchish apparatiga aylantiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!