SpaceX Luizianadagi botqoqli hududda yangi kosmodrom qurishi mumkin

Internetda SpaceX kompaniyasi AQShning Luiziana shtatidan ulkan hudud sotib olishi mumkinligi haqida maʼlumotlar tarqaldi. Gap Pecan Island va Freshwater City hududidagi, Highway 82 trassasidan janubda joylashgan taxminan 550 ming kvadrat metr maydonga ega botqoqli yerlar haqida bormoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu xabarni Keaty Real Estate kompaniyasi rieltori Jim Kit eʼlon qildi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur hudud Elon Musk kompaniyasining kelajakdagi Starship parvozlari va yangi infratuzilmasini yaratish uchun moʻljallangan boʻlishi mumkin.
Ayniqsa, Freshwater City qayiq stansiyasi yaqinidagi hudud katta qiziqish uygʻotmoqda. U yerda Meksika qoʻltigʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkonini beruvchi va port sifatida qayta jihozlashga mos keladigan maydon mavjud. Hudud Texasdagi Boka-Chika va Floridadagi Kanaveral burni oʻrtasida qulay joylashgan.
SpaceX avvalroq Starship parvozlarini yiliga minglab martagacha yetkazishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan edi. Buning uchun kompaniyaga AQSh va dunyoning turli hududlarida bir nechta start maydonchalari kerak boʻladi. Kompaniya vakillari Starship operatsiyalarini kengaytirish uchun doimiy ravishda yangi joylarni oʻrganayotganini taʼkidlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!