Starlink raqobatchisi Hughesnet mijozlarining yarmidan ko‘pini yo‘qotdi

SpaceX kompaniyasi Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti xizmatini ishga tushirganidan buyon Hughesnet provayderi o‘z mijozlarining yarmidan ko‘pini boy berdi. Qishloq va olis hududlarni internet bilan ta’minlashga ixtisoslashgan ushbu kompaniya hozirda jiddiy moliyaviy inqirozni boshdan kechirmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
2020-yil dekabr oyida Hughesnet 1,56 million abonentga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil 31-mart holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 681 000 nafargacha qisqardi. Kompaniya har yili o‘rtacha 100 000 ga yaqin mijozini yo‘qotmoqda va joriy yilning birinchi choragida abonentlar soni o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaydi.
Moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, Hughesnet qarzlarini to‘lash uchun yetarli mablag‘ga ega emasligini ma’lum qildi. Kompaniya o‘z faoliyatini davom ettirish borasida jiddiy xavotirlar mavjudligini tan olib, birinchi chorakda 7,6 million dollar miqdorida sof zarar ko‘rganini qayd etdi.
Mijozlarning Starlink xizmatiga o‘tishiga asosiy sabab — internet tezligidagi katta farqdir. Ookla ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda Hughesnet foydalanuvchilari o‘rtacha 48,55 Mbit/s tezlikka ega bo‘lsa, Starlink mijozlari 127 Mbit/s tezlikdagi internetdan foydalanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!