Rossiyada 2035-yilga kelib yuk tashishda uchuvchisiz yuk mashinalari ulushi 19% ga yetadi

Rossiya hukumati 2035-yilgacha boʻlgan davrda uchuvchisiz yuk tashish bozorini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi. Hujjatga koʻra, yuqori avtomatlashtirilgan transport vositalarining (YATV) avtomobil yuk tashish hajmidagi ulushi 19 foizga yetishi kutilmoqda. Ushbu loyiha Transport vazirligi, «Sifrovoy transport i logistika» assotsiatsiyasi hamda yirik yuk tashuvchi kompaniyalar hamkorligida ishlab chiqildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Transport vaziri Andrey Nikitinning taʼkidlashicha, avtonom yuk mashinalari allaqachon Sankt-Peterburgdan Qozongacha boʻlgan yoʻnalishda sinovdan oʻtkazilmoqda va ularning umumiy masofasi 17 million kilometrdan oshgan. 2035-yilga borib, uchuvchisiz yuk mashinalari parki 57 ming donaga yetishi rejalashtirilgan. Bunday texnikalar yiliga 300 ming kilometrgacha masofani bosib oʻtishi mumkin, bu esa oddiy yuk mashinalariga qaraganda ikki baravar koʻpdir.
Konsepsiyani amalga oshirish bosqichma-bosqich avtomatlashtirish darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ikki yildan soʻng kabinasida haydovchisiz harakatlanadigan texnikalarning yoʻllarda paydo boʻlishi kutilmoqda. Hozirda Transport vazirligi YATV toʻgʻrisidagi federal qonun loyihasini tayyorlamoqda, shuningdek, yoʻl harakati qoidalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish koʻzda tutilgan.
Texnologik yetuklikni baholash uchun «ERA-GLONASS» bazasida yagona identifikatsiya tizimi qoʻllaniladi. Loyihada Yandex, Navio va KamAZ kabi kompaniyalar ishtirok etmoqda. Uchuvchisiz yuk mashinalarining asosiy afzalligi – samaradorlikning yuqoriligi hamda ekspluatatsiya rejimining bashorat qilinishi hisobiga texnik xizmat koʻrsatish xarajatlarining kamayishidir. Bir dona uchuvchisiz yuk mashinasi haydovchisi boʻlgan ikkita oddiy yuk mashinasini almashtirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!