Tesla Moxave cho‘lida ulkan Supercharger stansiyasini ochdi

Tesla kompaniyasi AQShning Nevada shtatidagi Jan shahrida, Moxave cho‘li hududida yangi yirik Supercharger tezkor quvvatlash stansiyasini ishga tushirdi. Ushbu majmua mintaqadagi eng yirik quvvatlash punktlaridan biriga aylandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi maydon bir vaqtning o‘zida 64 ta elektromobilni quvvatlash imkoniyatiga ega. Bu esa navbatlarni sezilarli darajada qisqartirib, haydovchilar uchun qulaylik yaratadi. Jan shahri Las-Vegas va Kaliforniya o‘rtasidagi muhim transport yo‘lagi hisoblangani bois, ushbu xab yaqin atrofdagi boshqa quvvatlash nuqtalariga tushadigan yuklamani kamaytiradi.
Supercharger tarmog‘ini rivojlantirish Tesla kompaniyasining asosiy strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bunday yirik stansiyalar uzoq masofaga qatnaydigan elektromobillar uchun asosiy infratuzilmani shakllantiradi va AQSh janubi-g‘arbiy yo‘nalishidagi qamrovni yanada mustahkamlaydi.
Hozirgi kunda Tesla dunyo bo‘ylab 6 000 dan ortiq lokatsiyada 60 000 dan ziyod Supercharger quvvatlash nuqtalarini o‘rnatgan. Kompaniya, shuningdek, yaqinda o‘z stansiyalarida navbatlarni boshqarish uchun virtual navbat funksiyasini ham joriy etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!