Hindistonning Rapido kompaniyasi 3 milliard dollar baholandi

Hindistonning ride-hailing xizmatlarini ko‘rsatuvchi Rapido kompaniyasi o‘z faoliyatini kengaytirish va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 240 million dollar miqdorida yangi investitsiya jalb qildi. Ushbu moliyaviy bosqichdan so‘ng kompaniyaning umumiy qiymati 3 milliard dollarga yetdi. Investitsiya raundi Prosus boshchiligida o‘tkazilib, unda WestBridge Capital va Accel kabi mavjud investorlar ham ishtirok etdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya jalb qilingan mablag‘larni yuqori o‘sish salohiyatiga ega bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlash, haydovchilar tarmog‘ini kengaytirish hamda platforma texnologiyalarini takomillashtirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Rapido asoschisi Aravind Sanka talab yuqori bo‘lgan, ammo taklif yetarli darajada shakllanmagan hududlarga ko‘proq e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
2015-yilda tashkil etilgan Rapido Hindistonning 400 dan ortiq shaharlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya mototsikllar va avtorikshalar kabi arzon hamda qulay transport turlariga urg‘u berib, bozor ulushini sezilarli darajada oshirdi. Hozirda startup kichik shaharlarga ham kirib bormoqda va hatto o‘zining Ownly sho‘ba korxonasi orqali oziq-ovqat yetkazib berish sohasida ham o‘zini sinab ko‘rmoqda.
Ushbu investitsiya Hindiston bozorida Uber bilan raqobat kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirildi. Uber rahbari Dara Khosrowshahi yaqinda Hindistonga tashrif buyurib, mamlakatdagi infratuzilmani rivojlantirish rejalarini e’lon qilgan edi. Shunga qaramay, Rapido o‘zining moslashuvchan biznes modeli bilan Uber va Ola kabi yirik o‘yinchilarga jiddiy raqobatchi bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!