Yangi Samsung Galaxy M47 smartfoni Geekbench bazasida paydo bo‘ldi

Samsung kompaniyasi o‘zining yangi Galaxy M47 smartfonini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlab mart oyida IMEI bazasida qayd etilgan ushbu model endilikda Geekbench benchmark testida ham o‘zini ko‘rsatdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Test natijalariga ko‘ra, Galaxy M47 qurilmasi Snapdragon 6 Gen 3 chipseti asosida ishlaydi. Qizig‘i shundaki, ushbu platforma 2024-yilda taqdim etilgan bo‘lsa-da, uning texnik imkoniyatlari zamonaviy talablarga mos keladi.
Sinovdan o‘tgan prototip 8 GB tezkor xotira (RAM) bilan jihozlangan. Dasturiy ta’minot qismida esa Android 16 operatsion tizimi hamda Samsung’ning One UI 8 grafik qobig‘i o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozircha smartfon haqidagi boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan. Biroq qurilmaning Geekbench’da paydo bo‘lishi ishlab chiqish jarayoni faol bosqichda ekanligini va yaqin orada yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!