Xiaomi nima uchun o‘ta yupqa smartfon ishlab chiqarishdan voz kechdi

Xiaomi Group prezidenti Lu Veybing kompaniya nima uchun iPhone Air uslubidagi o‘ta yupqa korpusli smartfonni bozorga chiqarmaganini tushuntirib berdi. Yuqori martabali menejerning so‘zlariga ko‘ra, Xiaomi ushbu loyiha ustida jiddiy ishlagan va hatto uni ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga qadar olib borgan, biroq yakunda loyihani to‘xtatishga qaror qilingan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rad etishning asosiy sababi — texnik imkoniyatlardagi katta murosalar bo‘ldi. Lu Veybingning ta’kidlashicha, bunday yupqa va ixcham korpusda smartfonning avtonomligi hamda unumdorligini saqlab qolish imkonsiz edi. Natijada, qurilma Xiaomi kompaniyasining yuqori standartlariga javob bermasligi aniq bo‘ldi.
Kompaniya rahbari yangi model nima uchun "Plus" emas, balki Xiaomi 17 Max deb nomlanganiga ham aniqlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Plus" belgisi odatda ekran o‘lchamining kattalashishini anglatadi. "Max" esa shunchaki katta displey emas, balki kamera, unumdorlik va batareya quvvati kabi bir qancha yo‘nalishlarda amalga oshirilgan jiddiy yangilanishlarni ifodalaydi.
Xiaomi 17 Max smartfoni shu oyda taqdim etilishi kutilmoqda. Insayderlarning xabar berishicha, qurilma 200 megapikselli Leica kamerasi, Snapdragon Elite 8 Gen 5 protsessori va 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!