GeForce RTX 5090 narxi yana oshishi mumkin: 300 dollargacha qimmatlashuv kutilmoqda

NVIDIA kompaniyasi o‘z hamkorlarini GeForce RTX 5090 va RTX 5090 D V2 videokartalari uchun butlovchi qismlar tannarxi oshganligi haqida ogohlantirdi. Narxlar o‘sishiga grafik chip emas, balki kompaniya tomonidan sotib olinib, tayyor komplekt tarkibida yetkazib beriladigan GDDR7 xotira modullarining qimmatlashuvi sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Board Channels Forums manbalariga ko‘ra, videokartalar tannarxi taxminan 300 dollarga yoki 2000 yuanga oshishi kutilmoqda. Garchi NVIDIA ushbu modellar uchun tavsiya etilgan chakana narxlarni rasman o‘zgartirmagan bo‘lsa-da, yetkazib berish bosqichidagi bu o‘zgarishlar oxir-oqibat distribyutorlar va chakana savdo do‘konlaridagi narxlarga ta’sir qilishi muqarrar.
Ushbu qimmatlashuv faqat flagman hisoblangan RTX 5090 va Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan RTX 5090 D V2 modellariga taalluqlidir. Eslatib o‘tamiz, RTX 5090 modeli 32 GB GDDR7 xotira va 512-bitli shina bilan jihozlangan bo‘lsa, Xitoy versiyasi 24 GB xotira va 384-bitli shina xususiyatlariga ega.
Xitoylik manbalarning ta’kidlashicha, GeForce RTX 50 turkumidagi boshqa modellar, jumladan RTX 5080, RTX 5070 Ti va RTX 5070 uchun hozircha tannarxning qayta ko‘rib chiqilishi haqida hech qanday xabar kelib tushmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!