Yulduzlararo gazdagi turbulentlik kvazar signalini buzmoqda

Astronomlar ilk bor yulduzlararo fazodagi ionlashgan gaz bulutlari uzoq masofadagi kvazardan kelayotgan radiosignallarni qanday qilib buzayotganini qayd etishdi. Yerga 10 milliard yorug‘lik yili masofasidan yetib kelayotgan TXS 2005+403 obyekti signallari Somon yo‘li galaktikasining murakkab tuzilmalari orqali o‘tadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Signal Oqqush yulduz turkumi hududidan o‘tayotganda, u yerdagi ionlashgan gaz va elektronlardan iborat muhit radiosignallarni og‘diradigan turbulent nomutanosibliklarni hosil qiladi. Ilgari bunday hodisalar faqat bilvosita taxmin qilingan bo‘lsa, endilikda ularning tuzilishini bevosita o‘lchash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Garvard va Smitson astrofizika markazidan Aleksandr Plavin boshchiligidagi guruh Very Long Baseline Array (VLBA) radioteleskoplar tarmog‘i yordamida olingan o‘n yillik kuzatuv ma’lumotlarini tahlil qildi. Tadqiqotchilar signalning shunchaki tarqalib ketishini emas, balki barqaror va takrorlanuvchi buzilishlarni aniqlashdi.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, signal hatto interferometrning eng uzoq bazaviy chiziqlarida ham o‘ziga xos tuzilishini saqlab qolgan. Bu esa kuzatilayotgan effektlar kvazarning xususiyatlari bilan emas, balki yulduzlararo muhitdagi barqaror turbulentlik bilan bog‘liqligini isbotlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!