Oppo Reno 16 seriyasi 25-may kuni taqdim etiladi

Oppo kompaniyasi Reno 16 smartfonlar turkumining rasmiy taqdimot sanasini eʼlon qildi. Yangi qurilmalar 25-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da keng jamoatchilikka namoyish etiladi. Lineykadan Reno 16 va Reno 16 Pro modellari oʻrin olishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smartfonlar zamonaviy OLED-displeylar bilan jihozlanadi. Reno 16 modeli 6,32 dyuymli, Pro-versiya esa 6,78 dyuymli ekranga ega boʻladi. Har ikki qurilma moslashuvchan yangilanish chastotasini qoʻllab-quvvatlaydi. Ishlash unumdorligi uchun MediaTek platformalari tanlangan: bazaviy model Dimensity 8550, Pro-versiya esa kuchliroq Dimensity 9500s chipi bilan ishlaydi.
Yangi smartfonlarning asosiy ustunligi ularning akkumulyator sigʻimi boʻladi. Qurilmalar 7000 mA/soat sigʻimli batareya va 80 W quvvatga ega tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan taʼminlanadi. Pro-versiya, shuningdek, 50 W quvvatdagi simsiz quvvatlash funksiyasiga ham ega boʻlishi mumkin.
Kamera imkoniyatlari ham flagman darajasida boʻlishi kutilmoqda. Smartfonlar uchta moduldan iborat tizim bilan jihozlanadi: 200 MP asosiy Samsung sensori, 50 MP ultra-keng burchakli obyektiv va 50 MP teleobyektiv. Ushbu texnik xususiyatlar Reno 16 seriyasini bozorning eng raqobatbardosh qurilmalaridan biriga aylantirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!