Rossiyada istalgan bankomat orqali hisobni toʻldirish imkoniyati yaratiladi

1-oktabrdan boshlab Rossiyada Tezkor toʻlovlar tizimining (SBP) yangi funksiyasi ishga tushadi. Endilikda mijozlar oʻz hisoblarini istalgan bankning bankomati orqali toʻldirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Ushbu yangilik banklararo operatsiyalarni yanada soddalashtirishga xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi tizimga koʻra, mablagʻlar operatsiya qaysi bankomatda amalga oshirilganidan qatʼi nazar, tanlangan hisob raqamiga darhol oʻtkaziladi. Bu foydalanuvchilar uchun oʻz bankining bankomatini qidirish zaruriyatini yoʻqotadi va vaqtni tejash imkonini beradi.
Shu bilan birga, mazkur operatsiyalar uchun maʼlum cheklovlar oʻrnatilgan. Xususan, bir martalik operatsiya miqdori 25 ming rublgacha, kunlik limit 50 ming rublgacha va oylik umumiy miqdor 200 ming rublgacha etib belgilangan.
Bundan tashqari, 2027-yilning 1-aprelidan boshlab tizimli ahamiyatga ega boʻlgan banklar (hozirda ularning soni 12 ta) mijozlari SBP orqali jismoniy shaxslardan transchegaraviy oʻtkazmalarni qabul qilishlari mumkin boʻladi. Bu xalqaro pul oʻtkazmalari tizimini yanada kengaytirishga qaratilgan qadamdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!