Kalashnikov FPV-dronlarni tashuvchi yangi Fortis dronini namoyish etdi

“Kalashnikov” konserni Xalqaro xavfsizlik forumida vertikal koʻtarilish va qoʻnish xususiyatiga ega boʻlgan yangi “Fortis” uchuvchisiz uchish apparatlarini (UUA) ilk bor keng ommaga taqdim etdi. Ushbu majmualar oʻziga xos funksionallikka ega boʻlib, ular FPV-dronlar uchun “ona-dron” vazifasini bajarishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi qurilma yer usti boshqaruv punktidan kelayotgan signalni retranslyatsiya qilish orqali FPV-dronlarni 100 kilometrgacha boʻlgan masofadan boshqarishni taʼminlaydi. “Fortis” apparatlari havoda 8 soatgacha qolishi mumkin boʻlib, bir vaqtning oʻzida havo monitoringi, obyektlarni aniqlash va aerologistika vazifalarini bajarishga qodir.
Texnik xususiyatlariga koʻra, modifikatsiyasiga qarab ushbu dronlar 5 kilogrammdan 18 kilogrammgacha yuk tashiy oladi. Qurilmaning maksimal tezligi soatiga 110 kilometrni tashkil etadi va u 3000 metrgacha boʻlgan balandlikda parvozlarni amalga oshira oladi.
Bitta majmua tarkibiga toʻrttagacha UUA kiradi. Buyurtmachining xohishiga koʻra, yetkazib berish toʻplami maxsus trenajer-simulyatorlar, ekipajni boshlangʻich tayyorlash vositalari va tizimlarni diagnostika qilish stendlari bilan toʻldirilishi mumkin.
Xalqaro xavfsizlik forumi 2026-yilning 26-mayidan 29-mayiga qadar Moskva yaqinidagi “Layv Arena” majmuasida boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbirda harbiy va fuqarolik xavfsizligi sohasidagi eng soʻnggi texnologik ishlanmalar namoyish etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!