OnePlus 16 smartfoni 185 Hz chastotali ekran va 200 Mp kamera bilan chiqadi

OnePlus kompaniyasining boʻlajak flagmani OnePlus 16 hozirda 185 Hz yangilanish chastotasiga ega displey bilan sinovdan oʻtkazilmoqda. Bu haqda taniqli insayder Smart Pikachu maʼlum qildi. Oʻtgan yili kompaniya OnePlus 15 modelida ekran chastotasini 165 Hz gacha oshirgan edi, yangi avlodda esa bu koʻrsatkich yanada yuqori boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Smart Pikachu maʼlumotlariga koʻra, qurilma 200 megapikselli sensorga ega periskopik teleobʼyektiv kamera bilan jihozlanadi. Ushbu kamera 3 karra optik yaqinlashtirish (zoom) imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, smartfon korpusida sunʼiy intellekt (AI) ilovalarini tezkor ishga tushirish uchun maxsus tugma paydo boʻlishi aytilmoqda.
Texnik xususiyatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, OnePlus 16 modeli BOE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6,78 dyuymli LTPO OLED-panel bilan taʼminlanishi mumkin. Qurilma unumdorligi uchun Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro protsessori masʼul boʻladi. Akkumulyator sigʻimi esa hayratlanarli darajada — qariyb 9000 mAs boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Yangi flagman 100 W quvvatga ega simli va 50 W quvvatli simsiz tezkor quvvatlanish texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Maʼlumot oʻrnida, insayder Smart Pikachu avval ham Xiaomi 13 Ultra va Xiaomi Pad 6 kabi qurilmalar haqida aniq maʼlumotlarni taqdim etgan ishonchli manba hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!