Rossiyada 200 megapikselli Honor 600 va Honor 600 Pro sotuvi boshlandi

Rossiya bozorida Honor 600 smartfonlar seriyasining rasmiy savdosi yoʻlga qoʻyildi. Yangi qurilmalar yirik elektronika doʻkonlari va marketpleyslarda, jumladan DNS, M.Video, Ozon va Yandex Market kabi platformalarda sotuvga chiqdi. Lineyka uch xil rangda — toʻq sariq, och jigarrang va qora ranglarda taqdim etilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Narxlarga toʻxtaladigan boʻlsak, bazaviy Honor 600 modelining 8/256 GB talqini 46 ming rubl, 12/256 GB varianti esa 50 ming rubl etib belgilangan. Honor 600 Pro modeli esa xotira hajmiga qarab 71 mingdan 80 ming rublgacha baholanmoqda. 30-iyunga qadar xaridorlar uchun modelga qarab 5 000 dan 6 000 rublgacha chegirmalar amal qiladi.
Texnik jihatdan qurilmalar Qualcomm chiplari bilan jihozlangan: Honor 600 modelida Snapdragon 7 Gen 4, Pro versiyada esa Snapdragon 8 Elite protsessori oʻrnatilgan. Asosiy kamera 200 megapikselli datchikka ega. Pro talqinida qoʻshimcha ravishda 3,5x optik zumli 50 MP periskop modul ham mavjud.
Smartfonlarning akkumulyator sigʻimi 7000 mA/soatni tashkil etib, 80 W quvvatli simli zaryadlashni qoʻllab-quvvatlaydi. Honor 600 Pro modeli qoʻshimcha ravishda 50 W quvvatli simsiz zaryadlash funksiyasiga ham ega. Har ikkala model IP69K standarti boʻyicha himoyalangan va 8000 nit yorqinlikka ega 120 Hz chastotali ekranlar bilan taʼminlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!