Zanglamas poʻlat, GPS va 21 kunlik quvvat: Xiaomi Watch S5 Yevropada taqdim etildi

Xiaomi kompaniyasi global bozorda oʻzining yangi Xiaomi 17T va Xiaomi 17T Pro smartfonlari hamda Smart Band 10 Pro bilaguzugi bilan bir qatorda Xiaomi Watch S5 aqlli soatlarini ham namoyish etdi. Ushbu model 1,48 dyuymli AMOLED ekranga ega boʻlib, uning eng yuqori yorqinligi 2500 nitni tashkil etadi. Bu esa hatto quyoshli ob-havoda ham maʼlumotlarni bemalol oʻqish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Soat korpusi zanglamas poʻlatdan ishlangan va 5ATM suvdan himoya darajasiga ega. Qurilma 815 mA/soat sigʻimli akkumulyator bilan jihozlangan boʻlib, Xiaomi maʼlumotlariga koʻra, u bir marta quvvatlangach 21 kungacha xizmat qilishi mumkin. Aniq joylashuvni aniqlash uchun beshta sunʼiy yoʻldosh tizimini qoʻllab-quvvatlovchi yangilangan ikki diapazonli GNSS tizimi oʻrnatilgan.
Xiaomi Watch S5 salomatlikni kuzatish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi: unda yurak urish tezligi (ЧСС) va qondagi kislorod miqdorini (SpO2) oʻlchash datchiklari, shuningdek, uyqu va stress monitoringi mavjud. Qurilma HyperOS 3 operatsion tizimida ishlaydi va barometr bilan jihozlangan.
Qurilmaning qalinligi bor-yoʻgʻi 10,99 mm boʻlib, u Bluetooth 5.4 va NFC texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Xiaomi Watch S5 toʻrt xil rangda taklif etilmoqda: qora va kumushrang versiyalari 180 yevro, koʻk va yashil rangli modellari esa 200 yevro narxida sotuvga chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!