Natriy-ionli akkumulyatorlarning ishlash muddati 10 baravarga oshirildi

Singapur Milliy universiteti olimlari xavfsizroq va chidamliligi yuqori boʻlgan yangi avlod natriy-ionli akkumulyatorlarini ishlab chiqdilar. Buning uchun ular oddiy mochevinadan olinadigan grafitli uglerod nitridi asosidagi arzon qoʻshimchadan foydalanishdi. Mazkur ishlanma qattiq jismli batareyalarni barqarorroq, uzoq muddatli va yongʻinga chidamliligini oshirishga xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Zamonaviy natriy-ionli akkumulyatorlarning asosiy muammosi ularning elektrolitlarida edi. Natriy litiyga qaraganda arzon va oson topiladigan xomashyo boʻlishiga qaramay, koʻplab batareyalar hali ham yonuvchan suyuq komponentlardan foydalanadi. Qattiq jismli versiyalar esa metall natriy bilan aloqa qilganda oʻtkazuvchanlikning pastligi va beqaror ishlashdan aziyat chekadi.
Singapurlik tadqiqotchilar polimer elektrolitga grafitli uglerod nitridining oʻta yupqa qatlamlarini qoʻshish orqali bu muammoni hal qilishdi. Natijada batareya ichidagi ionlar sezilarli darajada tezroq harakatlana boshladi, qisqa tutashuv va yongʻinga sabab boʻluvchi metall dendritlar — mikroskopik ignalar hosil boʻlish xavfi esa keskin kamaydi.
Yangi material elektrolit oʻtkazuvchanligini ikki baravardan koʻproqqa yaxshiladi va akkumulyatorning xizmat qilish muddatini keskin oshirdi. Sinovlar davomida oddiy batareya taxminan 250 soatdan keyin ishdan chiqqan boʻlsa, takomillashtirilgan versiya 2000 soatdan ortiq ishladi. Shuningdek, prototiplar 500 marta quvvatlash siklidan soʻng ham oʻz sigʻimining 95 foizini saqlab qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!