Greenpeace robotidan rekord: 2315 metr chuqurlikda norozilik aksiyasi

Arktikadagi tadqiqot missiyasi davomida Greenpeace ekologik tashkiloti suvosti robotidan foydalanib, tarixdagi eng chuqur nuqtada oʻtkazilgan norozilik aksiyasini amalga oshirdi. ROV Holly apparati Oʻrta Atlantika tizmasidagi Loki's Castle gidrotermal maydonida, 2315 metr chuqurlikda "Listen to the science!" yozuvi tushirilgan bannerni yoydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ekspeditsiya ishtirokchilarining maʼlum qilishicha, robot murakkab geologik hududda — okean qobigʻining yoriqlaridan 320 °C gacha boʻlgan qizigan mineral oqimlar chiqadigan "qora chekuvchilar" yaqinida ishlagan. Ushbu tuzilmalar quyosh nuri yetib bormaydigan, ammo hayot mavjud boʻlgan noyob ekotizimlarni tashkil etadi va ular qadimgi Yerning analoglari hisoblanadi.
Ekspeditsiya ilmiy rahbari Sandra Shöttner ushbu aksiyani chuqur dengiz ekotizimlarining nozikligi haqidagi ilmiy maʼlumotlarga eʼtibor qaratishga urinish deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, davlatlar okeanning 30 foizini himoya qilish maqsadini eʼlon qilgan boʻlsa-da, amaliy choralar, jumladan, sanoat oʻzlashtirishini cheklash yetarli darajada izchil amalga oshirilmayapti.
Ekologlar chuqur dengizda foydali qazilmalarni qazib olishning kengayishi hali oʻrganilmagan turlarning yoʻq boʻlib ketishiga va qayta tiklanmas ekologik halokatga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Loki's Castle maydoni ekstremal sharoitlarga moslashgan mikroorganizmlar maskani boʻlib, u hayot evolyutsiyasini tushunish uchun kalit hisoblanadi.
Greenpeace chuqur dengizda qazib olish ishlariga moratoriy joriy etishga va okean qoʻriqxonalari tarmogʻini yaratishga chaqirmoqda. Tashkilotning taʼkidlashicha, faqat tizimli himoya choralari iqlim oʻzgarishi va sanoat bosimi sharoitida dengiz ekotizimlarining barqarorligini saqlab qolishi mumkin.






























Izohlar 0
…