GitHub Copilot yangi toʻlov tizimiga oʻtmoqda: Dasturchilar norozi

Microsoft kompaniyasiga tegishli GitHub Copilot platformasining "oltin davri" yakuniga yetayotganga oʻxshaydi. Kompaniya oʻzining billing tizimini oʻzgartirib, belgilangan oylik obuna toʻlovidan foydalanilgan tokenlar miqdoriga asoslangan tizimga oʻtishini eʼlon qildi. Bu oʻzgarish kichik kompaniyalar va mustaqil dasturchilar uchun xarajatlarning keskin oshib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
1-iyundan kuchga kiradigan yangi qoidalarga koʻra, foydalanuvchilar soʻrovlar soniga qarab emas, balki ish jarayonida sarflangan tokenlar miqdoriga qarab haq toʻlaydilar. Reddit va X kabi ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab dasturchilar ushbu yangilikdan hayratda ekanliklarini bildirishmoqda. Masalan, bir foydalanuvchi hozirda oyiga 29 dollar toʻlayotgan boʻlsa, yangi model boʻyicha uning xarajatlari 750 dollargacha koʻtarilishi mumkinligini yozgan.
Boshqa bir foydalanuvchi esa oʻzining oylik toʻlovi 50 dollardan qariyb 3000 dollargacha oshib ketganini koʻrsatuvchi skrinshot bilan boʻlishdi. Bunday keskin narx oshishi koʻpchilikni GitHub Copilot xizmatidan voz kechishga majbur qilmoqda. Dasturchilarning fikricha, bunday narxlarda sunʼiy intellekt yordamchisidan foydalanish amaliy jihatdan oʻzini oqlamaydi.
Biroq, hamma ham bu tanqidlarga qoʻshilmayapti. Baʼzi mutaxassislarning taʼkidlashicha, agar dasturchi vositadan toʻgʻri foydalansa, tokenlar sarfi bunchalik yuqori boʻlmaydi. Ularning fikricha, astronomik hisob-kitoblar asosan "vibe-coding" bilan shugʻullanadigan, yaʼni kodning mazmunini tushunmasdan, sunʼiy intellektga haddan tashqari koʻp va keraksiz iteratsiyalarni yuklaydigan foydalanuvchilarda kuzatilmoqda.
Shuningdek, tahlilchilar Microsoft shu vaqtgacha ushbu xizmat orqali qancha zarar koʻrganini muhokama qilishmoqda. Koʻrinishidan, kompaniya uzoq vaqt davomida foydalanuvchilarning xarajatlarini subsidiyalab kelgan. Endilikda esa Microsoft foydalanuvchilarni chatbotdan tartibsiz foydalanishga oʻrgatib qoʻyib, kutilmaganda narxlarni oshirayotgani koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!