iPhone 18 Pro liniyasida klassik qora rang qaytishi kutilmoqda

Taniqli insayder Sonny Dickson bir necha kun avvalgi sizdirilgan maʻlumotlardan soʻng, iPhone 18 Pro maketlarining yangi suratlarini eʻlon qildi. Tasvirlarda qurilmaning toʻrt xil rangdagi varianti aks etgan: kumushrang, qora, moviy va yangi toʻq gilos rangidagi Dark Cherry. Aynan mana shu rang yangi avlodning asosiy brend rangi boʻlishi aytilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Manbaning taʻkidlashicha, Dark Cherry varianti iPhone 17 Pro liniyasidagi toʻq sariq rang oʻrnini egallaydi. Shuningdek, Apple muxlislari uchun yana bir quvonchli xabar — klassik qora rangning qaytishidir. Ushbu suratlar qurilmalarning 2026-yil sentyabr oyida kutilayotgan rasmiy taqdimotidan deyarli bir yarim yil oldin paydo boʻldi.
Sizdirilgan maʻlumotlarga koʻra, iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellari butun alyuminiy qotishmasidan ishlangan korpus hamda kameralar sohasida yangilangan Ceramic Shield himoya oynasiga ega boʻladi. Shuningdek, smartfonlar yirikroq fotomodul tufayli biroz qalinlashishi kutilmoqda. Xususan, iPhone 18 Pro Max qalinligi kamera bloki bilan birga 13,77 mm ga yetishi mumkin.
Yangi smartfonlar TSMC tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi 2 nanometrli A20 Pro chipi bilan jihozlanishi kutilmoqda. Maʻlumot oʻrnida, Sonny Dickson avvalroq iPhone 12, iPhone 13, Apple Homepod va iPhone 15 kabi qurilmalarning dizaynini ular taqdim etilishidan ancha oldin aniq bashorat qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!