Dunyodagi eng yirik inshootlardan biri: Gigabay zavodining yangi suratlari

Julia Bergeron tomonidan taqdim etilgan "Battle of the Bays" turkumidagi yangi fotosuratlar Starship kemalari uchun qurilayotgan ikkita ulkan Gigabay zavodini solishtirish imkonini beradi. Qurilish ishlari bir vaqtning oʻzida Texasdagi Starbase kosmodromida va Floridadagi Roberts Road maydonida jadal surʼatlarda davom etmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Starbase maydonida toʻrtta kran bir vaqtning oʻzida ishlamoqda, bu esa gigant inshootning toʻq rangli devorlarini montaj qilishni tezlashtirmoqda. Floridadagi Gigabay obyektida esa asosiy kranlar soni ikkitaga qisqartirilgan boʻlsa-da, yuqori qismlarni yigʻish va qoplama ishlarida qoʻshimcha texnikalardan faol foydalanilmoqda. Har ikki inshoot ham asta-sekin yakuniy koʻrinishga ega boʻlib bormoqda.
Gigabay zavodining texnik koʻrsatkichlari hayratlanarli: binoning balandligi 116 metr, uzunligi 110 metr va kengligi 130 metrni tashkil etadi. Ichki foydali balandlik 115 metrgacha yetadi, umumiy ish maydoni esa qariyb 75 700 kvadrat metrga teng. Bunday parametrlar bir vaqtning oʻzida bir nechta Starship kemalarini sigʻdirish imkonini beradi.
Elon Musk ushbu loyiha haqida gapirar ekan, Gigabay dunyodagi eng yirik inshootlardan biri boʻlishini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlariga koʻra, zavod yiliga mingta Starship kemasini ishlab chiqarishga moʻljallangan. Qurilish ishlarini toʻliq yakunlash 2026-yilga rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, 2025-yil davomida SpaceX kompaniyasi Starship tizimining (Super Heavy kuchaytirgichi va Starship kemasi) 5 ta sinov parvozini amalga oshirdi. Hozircha Starfactory angarlarida bir yil davomida aniq qancha raketa yigʻilgani haqida rasmiy maʼlumot berilmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!