Everand va Fable birlashib Amazon hukmronligiga qarshi chiqmoqda

Everand va Fable birlashib Amazon hukmronligiga qarshi chiqmoqda

Scribd kompaniyasiga tegishli Everand xizmati raqamli kitobxonlik bozorida Amazon’ning monopoliyasiga chek qoʻyish maqsadida yangi obuna tizimini eʼlon qildi. Endilikda foydalanuvchilar audio kitoblar, elektron kitoblar va kitobxonlar klubini yagona paketda birlashtirgan xizmatdan foydalanishlari mumkin. Bu qadam Everand tomonidan 2025-yilda sotib olingan Fable ijtimoiy kitobxonlik ilovasi bilan integratsiya qilinishi natijasida amalga oshirildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Yangi obuna rejalari AQSH bozorida bir oyga 11.99 dollardan boshlanadi va foydalanuvchilarga 1,5 milliondan ortiq audio hamda elektron kitoblar katalogiga kirish imkonini beradi. Shuningdek, obunachilar Fable platformasidagi 200 mingga yaqin onlayn kitobxonlar klublariga qoʻshilishlari mumkin. Bir ilovadagi oʻqish yoki tinglash jarayoni avtomatik ravishda ikkinchi ilova bilan sinxronlanadi, bu esa foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi.

Everand’ning ushbu taklifi Amazon’ga tegishli Audible Premium Plus ($14.95/oy) xizmatiga nisbatan ancha raqobatbardosh hisoblanadi. Amazon hozirda Audible, Kindle va Goodreads kabi platformalar orqali bozorni nazorat qilmoqda. Everand esa Fable’dagi 100 milliondan ortiq sharh va reytinglarni oʻz tizimiga integratsiya qilish orqali foydalanuvchilarning platformada koʻproq vaqt oʻtkazishini taʼminlamoqchi.

Hozirgi vaqtda nafaqat Everand, balki Spotify ham audio kitoblar bozoriga faol kirib kelmoqda. Biroq Everand oʻzining 2025-yilgi tadqiqotlariga tayanib, kitobxonlarning yarmidan koʻpi ham audio, ham elektron formatdan muntazam foydalanishini taʼkidlamoqda. BookTok trendi va Gen Z avlodi orasida kitobxonlik jamoalariga boʻlgan qiziqish ortishi Everand va Fable ittifoqi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar