Kontakt linzasi sabab ayol ko‘zidan ayrilish yoqasiga keldi

Britaniyalik 47 yoshli Emma Marsden boshidan kechirgan voqea kontakt linza taquvchilar uchun jiddiy ogohlantirishga aylandi. Oddiydek tuyulgan bir xato tufayli uning ko‘ziga xavfli parazit tushib, shox pardasini yemira boshlagan. Vaziyat shunchalik og‘irlashganki, shifokorlar ko‘rish qobiliyatini saqlab qolish umidida uning ko‘z qovog‘ini tikishga majbur bo‘lgan.
Hodisa fevral oyida Emma otxonada tozalash ishlarini bajarayotganda yiqilib, loy va suv to‘lgan aravaga yuzi bilan tushib ketganidan keyin boshlangan. U qo‘llari va yuzini yuvgan, ammo kontakt linzalarini faqat kechqurun yechgan. Keyinchalik shifokorlar aynan shu holat infeksiyaga sabab bo‘lganini aytdi.
Oradan to‘rt kun o‘tib, uning o‘ng ko‘zi qattiq achishib og‘riy boshladi. Avvaliga shifokorlar shox parda yarasi tashxisini qo‘yib, ko‘z tomchilari yozishdi. Ammo og‘riq kun sayin kuchayib, Emma o‘ng ko‘zi bilan butunlay ko‘rmay qo‘ydi.
Qayta tekshiruvlar davomida unda akantamyoba keratiti aniqlandi. Bu — Acanthamoeba nomli mikroskopik parazit chaqiruvchi xavfli infeksiya bo‘lib, u shox parda va nerv to‘qimalarini yemirib boradi.
«Og‘riqni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Uch farzandimni dunyoga keltirganman, lekin bu azob tug‘ruqdan ham og‘ir edi», — deydi Emma.
Shifokorlar parazit shox pardani teshib yuborganidan so‘ng ko‘z qovog‘ini tikishga majbur bo‘lgan. Endi ayolga kelajakda shox parda transplantatsiyasi kerak bo‘ladi, ammo infeksiya sababli operatsiya bir necha yilga kechiktirilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Acanthamoeba oddiy vodoprovod suvi, ko‘llar, daryolar, basseynlar, tuproq va chang‘da ham uchraydi. Shu bois kontakt linzalarni suv bilan aloqada qoldirmaslik va gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish juda muhim.
Ayni paytda Emma har hafta shifokorlar nazoratidan o‘tmoqda va har ikki soatda maxsus ko‘z tomchilarini qabul qilmoqda. Uning aytishicha, muammo kontakt linzaning o‘zida emas, balki undan noto‘g‘ri foydalanishda bo‘lgan.






























Izohlar 0
…