Lucid Motors rahbariyatida oʻzgarish: Emad Dlala kompaniyani tark etdi

Lucid Motors rahbariyatida oʻzgarish: Emad Dlala kompaniyani tark etdi

Elektromobil ishlab chiqaruvchi Lucid Motors kompaniyasining yuqori lavozimli mulozimi Emad Dlala yangi bosh direktor Silvio Napoli boshqaruvni qoʻlga olganidan soʻng oʻz lavozimidan ketdi. Dlala kompaniyada oʻn yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan va yaqindagina muhandislik hamda raqamli texnologiyalar boʻlimi rahbari etib tayinlangan edi. Uning ketishi aprel oyida tayinlangan yangi CEO Silvio Napoli davridagi ilk yirik kadrlar oʻzgarishi boʻldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Lucid Motors vakillari TechCrunch nashriga bergan bayonotida Dlalaning ketishini tasdiqladi va bu jarayonni kompaniyaning innovatsiyalarni tezlashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan transformatsiyasi bilan izohladi. Endilikda avtomobil muhandisligi boʻyicha vitse-prezident Vivek Attaluri va dasturiy taʼminot boʻyicha vitse-prezident Marc Solsona Palomar bevosita Silvio Napoliga hisobot beradi.

Kompaniya soʻnggi oylarda jiddiy oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Fevral oyida Lucid Motors ishchi kuchining 12 foizini qisqartirgan edi. Shuningdek, 2025-yil boshida kutilmaganda ketgan Peter Rawlinson oʻrniga uzoq vaqt davomida yangi rahbar qidirildi. Sobiq bosh muhandis Eric Bach esa kompaniyani asossiz ishdan boʻshatishda ayblab sudga bergan, biroq hozirda ushbu ish arbitraj jarayonida toʻxtab turibdi.

Dlalaning ketishi Lucid Motors uchun muhim pallaga toʻgʻri keldi. Kompaniya yaqin oylarda oʻzining ilk ommabop va hamyonbop Cosmos modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Narxi 50 000 dollardan past boʻlishi kutilayotgan ushbu elektromobil Saudiya Arabistoni sarmoyadorlari egalik qiladigan kompaniya uchun bozorda keng oʻrin egallash imkonini beradi.

Bundan tashqari, ushbu yangi avlod elektromobillari Lucid Motors va Uber oʻrtasidagi robotaksilar yetkazib berish boʻyicha kelishuvning asosiy qismi hisoblanadi. Kompaniya Nuro texnologiyalari asosida oʻziyurar Gravity SUV modellarini ishlab chiqishni rejalashtirgan boʻlib, ilk haydovchisiz avtomobillar shu yil yakuniga qadar San-Fransisko koʻchalarida paydo boʻlishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar