Spektr-RG kosmik observatoriyasi missiyasi 2031-yilgacha uzaytirildi

Rossiya Fanlar akademiyasining koinot boʻyicha kengashi “Spektr-RG” kosmik observatoriyasining ish faoliyatini yana besh yilga uzaytirish haqida qaror qabul qildi. Shunday qilib, 2019-yilda boshlangan ushbu missiya, dastlabki kafolatlangan foydalanish muddati tugaganiga qaramay, kamida 2031-yilgacha davom etadigan boʻldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yigʻilish yakunlariga koʻra, mutaxassislar apparatning texnik holatini kelgusi faoliyat uchun yetarli deb topishdi. Lavochkin nomidagi NPO bosh konstruktorining birinchi oʻrinbosari Ivan Moskatinyevning soʻzlariga koʻra, observatoriyaning barcha asosiy tizimlari soz holatda, bortdagi yoqilgʻi zaxirasi esa ilmiy dasturni davom ettirish imkonini beradi.
Yaqin yillarda “Spektr-RG” Somon yoʻli markaziy hududlari va galaktika diskini oʻta chuqur tadqiq qilish, butun osmonni kengaytirilgan holda koʻzdan kechirish hamda boshqa yer usti va kosmik observatoriyalar bilan qoʻshma kuzatuvlar olib borish bilan shugʻullanadi. Shuningdek, olimlar ushbu apparat yordamida pulsarlarni yuqori aniqlikda kuzatishni rejalashtirmoqda, bu esa tabiiy obektlar asosida oʻziga xos kosmik navigatsiya tizimini yaratishga yordam berishi mumkin.
“Spektr-RG” observatoriyasi Lagranj L2 nuqtasida joylashgan boʻlib, koinotni rentgen nurlari diapazonida kuzatishga moʻljallangan. Apparatda ikkita rentgen teleskopi — Rossiyaning ART-XC va Germaniyaning eROSITA qurilmalari oʻrnatilgan. Biroq 2022-yil fevralidan buyon Germaniya tomonining qarori bilan eROSITA xavfsiz rejimga oʻtkazilgan, shu sababli hozirda ilmiy dastur faqat ART-XC asbobi yordamida amalga oshirilmoqda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, “Spektr-RG” 2030-yilda orbitadan tushirilishi kutilayotgan Xalqaro kosmik stansiyadan (XKS) koʻra uzoqroq xizmat qilishi ehtimoli yuqori.






























Izohlar 0
…