Hindiston hukumati SpaceX IPO’si arafasida Starlink borasida ikkilanmoqda

Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasining sunʼiy yoʻldoshli internet tarmogʻiga millionlab yangi foydalanuvchilarni jalb qilish rejalari Hindiston hukumati bilan bogʻliq muammolar tufayli xavf ostida qolishi mumkin. Koʻp yillik muzokaralardan soʻng SpaceX 2025-yilda Hindistonda faoliyat boshlash uchun litsenziya olgan edi, biroq Bloomberg nashrining xabar berishicha, rasmiy Dehli bu jarayonni vaqtincha toʻxtatib qoʻygan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Bunga Starlink tizimining Eron hududida rasmiy ruxsatsiz ishlatilgani sabab boʻlgani aytilmoqda. Hindiston rasmiylari kompaniya mahalliy qonunlarga toʻliq boʻysunmasligidan xavotirda. SpaceX vitse-prezidenti Lauren Dreyer esa ijtimoiy tarmoqlarda bu xabarlarni rad etib, hukumat bilan muzokaralar mahsuldor davom etayotganini bildirdi. Shunga qaramay, Bloomberg muzokaralar butunlay toʻxtaganini emas, balki jarayon sekinlashganini taʼkidlamoqda.
Hindiston bozoriga kirishning kechikishi SpaceX kompaniyasining kutilayotgan IPO jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Moliyaviy hisobotlar Starlink foydalanuvchilari sonining oʻsishi sekinlashayotganini koʻrsatmoqda. Tizimning qiymati u qamrab olgan davlatlar soniga bogʻliq, chunki global infratuzilmani qurish xarajatlari oʻzgarmas boʻlib, daromad faqat obunachilar soniga tayanadi.
Hindiston hukumati maʼlumotlarni mahalliy darajada saqlash va tarmoq xavfsizligi boʻyicha qatʼiy talablar qoʻygan. SpaceX bu shartlarni bajarishga harakat qilayotgan boʻlsa-da, Eron voqeasi hukumatda Starlink ustidan nazoratni yoʻqotish qoʻrqinchini uygʻotgan. Avvalroq Ukraina harbiylari ham 2022-yilda Elon Musk tomonidan aloqa uzib qoʻyilganidan shikoyat qilishgan edi.
Shuningdek, Starlinkʼning Tayvan hukumati bilan muzokaralari ham boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Bunga Muskning Tayvanni Xitoyning bir qismi deb hisoblashi va mahalliy hamkorlar bilan ishlashdan bosh tortayotgani sabab qilib koʻrsatilmoqda. Hindiston kabi yirik bozordagi noaniqliklar SpaceX uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan loyihaning kelajagini soʻroq ostida qoldirmoqda.






























Izohlar 0
…