CrowdStrike: AQSH texnologiya sektoridagi xakerlik hujumlarining yarmi KXDR hissasiga toʻgʻri kelmoqda

Kiberxavfsizlik sohasidagi gigant CrowdStrike kompaniyasining yangi hisobotiga koʻra, Shimoliy Koreya xakerlari AQSH texnologiya kompaniyalariga amalga oshirilgan "qoʻlda boshqariladigan" (hands-on-keyboard) kiberhujumlarning qariyb yarmini tashkil etmoqda. Masofaviy IT xodimlari va rekruterlar niqobi ostida harakat qilayotgan ushbu shaxslar soʻnggi bir yil ichida sohadagi eng jiddiy xavfga aylangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
CrowdStrike maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil aprelidan 2026-yil mayigacha boʻlgan davrda "Famous Chollima" deb nomlanuvchi Shimoliy Koreya xakerlik guruhi texnologiya sektoriga qaratilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan barcha faoliyatning 47 foizini amalga oshirgan. Kim Jong Un rejimi bilan bogʻliq ushbu guruhlar xalqaro qonunlar bilan taqiqlangan yadroviy qurol dasturlarini moliyalashtirish uchun maʼlumotlar va kriptovalyutalarni oʻgʻirlashni maqsad qilgan.
Xakerlar oʻz maqsadlariga erishish uchun sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalaridan foydalangan holda real vaqtdagi deepfake tasvirlarni yaratishmoqda. Ular oʻgʻirlangan pasport va haydovchilik guvohnomalari yordamida oʻzlarini AQSH yoki boshqa davlat fuqarosi sifatida koʻrsatib, yirik texnologik kompaniyalarga masofaviy ishga joylashishmoqda. Bu usul ularga nafaqat maxfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash, balki kompaniyalardan maosh olib, uni Pxenyan rejimiga yoʻnaltirish imkonini ham beradi.
Tizimga kirib olgan xakerlar intellektual mulkni oʻgʻirlash bilan birga, koʻpincha kompaniyalarni shantaj qilishadi: agar toʻlov amalga oshirilmasa, oʻgʻirlangan maʼlumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilishadi. Shuningdek, ular blokcheyn dasturchilarini nishonga olib, Gʻarb bank tizimidan chetlab oʻtish uchun kriptovalyutalarni oʻgʻirlashmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, Shimoliy Koreya faqatgina 2025-yilning oʻzida 2 milliard dollarga yaqin kriptovalyutani oʻmargan.































Izohlar 0
…