Anthropic korporativ AI yechimlarini kengaytirish uchun TCS bilan hamkorlik qiladi

Sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi startaplardan biri Anthropic korporativ mijozlar orasida oʻz modellarini ommalashtirish maqsadida Hindistonning IT-giganti Tata Consultancy Services (TCS) bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Ushbu kelishuvga koʻra, TCS oʻz tarkibida Anthropic modellarini joriy etishga ixtisoslashgan maxsus biznes boʻlinmasini tashkil etadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hamkorlik doirasida TCS yangi AI modellariga muddatidan oldin kirish huquqini qoʻlga kiritadi va oʻzining 50 mingdan ortiq xodimini Claude sunʼiy intellekt assistenti bilan taʼminlaydi. Kompaniyalar moliya, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya va aviatsiya kabi sohalar uchun maxsus texnologik yechimlar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Anthropic Hindiston boʻzorini oʻzining ikkinchi eng yirik bozori deb hisoblaydi va bu yerda oʻz ishtirokini faol kengaytirmoqda. Avvalroq kompaniya Infosys bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan edi. Shuningdek, OpenAI ham Hindistonning Infosys va HCLTech kabi yirik IT-servis kompaniyalari bilan shunga oʻxshash bitimlar tuzgan.
TCS tarkibiga kiruvchi Diligenta va TCS iON platformalari ham Claude imkoniyatlaridan foydalanishni boshlaydi. Xususan, mijozlarga xizmat koʻrsatishni avtomatlashtirish va raqamli taʼlim dasturlarida Anthropic modellaridan foydalaniladi. Shuningdek, TCS mutaxassislari Claude Code ekotizimi uchun sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish va kredit maslahatlari berish kabi vositalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Ushbu strategik qadam AI rivojlanishi fonida Hindistonning 315 milliard dollarlik IT-xizmatlar bozori kelajagiga shubha bilan qaralayotgan bir paytda amalga oshirildi. Joriy yilda TCS va Infosys aksiyalari mos ravishda 34% va 31% ga arzonlashgan boʻlib, yangi hamkorlik investorlar ishonchini qaytarishga xizmat qilishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…