Xiaomi 400 finjongacha qahva tayyorlaydigan portativ kofemashinani taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Mijia brendi ostida oʻzining ilk portativ kofemashinasini namoyish qildi. Termos koʻrinishida ishlangan ushbu yangilik sayohatlar, kemping va ofis sharoitida foydalanish uchun moʻljallangan. Qurilmaning balandligi 24,5 sm boʻlib, u sumka yoki avtomobil ichidagi maxsus stakan ushlagichga osongina joylashadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qurilma ichiga 20 bar bosimli elektromagnit nasos oʻrnatilgan boʻlib, u ham kofe kapsulalari, ham maydalangan qahva bilan ishlash imkonini beradi. Suvni isitish uchun maxsus keramika elementi masʼul boʻlib, u haroratni 92 °C darajada ushlab turadi. Bir porsiya ichimlikni tayyorlash taxminan 45 soniya vaqt oladi, shuningdek, qurilma ham issiq, ham sovuq ekstraksiya usulini qoʻllab-quvvatlaydi.
Kofemashina 7500 mA·sh sigʻimli akkumulyator bilan jihozlangan. USB-C porti orqali 45 W quvvatda zaryadlanadi: 20 foizdan 80 foizgacha quvvat yigʻish uchun 30 daqiqa, toʻliq quvvatlanish uchun esa 80 daqiqa kifoya qiladi. Qurilmani oddiy Power Bank yordamida ham quvvatlantirish mumkin.
Agar kofemashinaga oldindan isitilgan suv quyilsa, bir marta quvvatlanish orqali 400 finjongacha qahva tayyorlash mumkin, chunki energiya faqat nasos ishlashi uchun sarflanadi. Agar suvni qurilmaning oʻzi isitsa, quvvat taxminan 3 finjonga yetadi. Korpus IP55 standarti boʻyicha chang va suv sachrashidan himoyalangan.
Toʻplam tarkibidan gʻilof, taglik, metall filtr, oʻlchov qoshigʻi va zanglamaydigan poʻlatdan yasalgan termokrujka oʻrin olgan. Xiaomi ushbu yangi gadjetini dastlabki xaridorlar uchun 82 dollar narxida taklif etmoqda.






























Izohlar 0
…