Aviatsiya kelajagi: Electra kompaniyasi NASA bilan hamkorlikda yangi laynerni namoyish etdi

AQSHning Electra aviatsiya startapi gibrid-elektr texnologiyalariga asoslangan yangi avlod yo‘lovchi samolyoti konseptini taqdim etdi. Ushbu loyiha NASA agentligining 2050-yilgacha fuqaro aviatsiyasining atrof-muhitga salbiy ta’sirini keskin kamaytirishga qaratilgan AACES (Advanced Aircraft Concepts for Environmental Sustainability) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Yangi ishlanma nafaqat ekologik tozaligi, balki o‘ziga xos konstruksiyasi bilan ham soha mutaxassislarining e’tiborini tortdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Loyiha asosida ikkita yirik texnologik yechim yotadi. Ulardan birinchisi — “ikkinchi pufak” (double bubble) deb nomlangan keng fyuzelyajli sxemadir. Bunday shakl samolyotning aerodinamik samaradorligini oshirish bilan birga, uning ichki hajmini sezilarli darajada kengaytirish imkonini beradi. Tashqi o’lchamlari bo‘yicha oddiy tor fyuzelyajli laynerlarga teng bo‘lsa-da, uning ichida ikkita yo‘lakli keng salon joylashadi. Bu yo‘lovchilarning samolyotga chiqish va tushish jarayonini tezlashtirib, parvoz davomida yuqori qulaylikni ta’minlaydi.
Yangi boshqaruv tizimi va energiya tejamkorligi
Ikkinchi muhim texnologiya — chegaraviy qatlamni boshqarish (Boundary Layer Ingestion — BLI) tizimidir. ixbt.com ma’lumotiga ko‘ra, qanotlar ostidagi ikkita an’anaviy turboventilyatorli dvigatel nafaqat tortish kuchini yaratadi, balki quyruq qismidagi qo‘shimcha elektr ventilyatorlarini energiya bilan ta’minlaydi. Ushbu ventilyatorlar fyuzelyaj atrofidagi sekinlashgan havo oqimini “ilab olib”, uni qo‘shimcha tezlashtiradi va umumiy aerodinamik qarshilikni kamaytiradi.Electra hisob-kitoblariga ko‘ra, BLI texnologiyasini qo‘llash yo‘lg’iz o‘zi yoqilg’i sarfini qo‘shimcha 17 foizga tejash imkonini beradi. Bu 2050-yilga qadar sohada kutilayotgan umumiy samaradorlik ko’rsatkichlariga qo‘shimcha bonus bo‘ladi. Shuni ta’kidlash joizki, mazkur layner mavjud aeroportlar infratuzilmasiga to‘liq mos keladi va oddiy aviatsiya kerosini yoki barqaror aviatsiya yoqilg’isi (SAF) bilan ishlashga mo‘ljallangan.
Kompaniya konsept bilan birga 11 ta texnik hujjatlar paketini ham e’lon qildi. Unda murakkab matematik modellar va hisob-kitoblar keltirilgan. Shuningdek, NASA Aviary ochiq platformasi asosida elektrlashtirilgan uchish apparatlarini loyihalash uchun maxsus dasturiy vosita ham taqdim etildi. Bu kelajakda boshqa muhandislar uchun ham yangi turdagi samolyotlarni yaratishda poydevor bo‘lishi kutilmoqda.
Loyiha ustida ulkan konsorsium ish olib bormoqda. Hamkorlar safida quyidagi nufuzli tashkilotlar bor:
- American Airlines aviashirkati;
- Honeywell Aerospace va Lockheed Martin Skunk Works;
- Hinetics kompaniyasi;
- MIT (Massachusets texnologiya instituti) va Michigan universiteti.






























Izohlar 0
…