Kanada pensiya jamgʻarmasi Hindistonning sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 741 mln dollar tikdi

Dunyo boʻylab sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarining shiddatli rivojlanishi yirik investorlarni raqamli infratuzilma bozoriga yanada faolroq kirib borishga undamoqda. Kanadaning eng yirik pensiya jamgʻarmasi hisoblangan CPP Investments Hindistonning CtrlS maʼlumotlar markazi operatoriga qariyb 741 million dollar (70 milliard rupiya) miqdorida sarmoya kiritishini eʼlon qildi. Bu qadam global miqyosdagi bulutli texnologiyalar va AI infratuzilmasini kengaytirish poygasida Hindistonning oʻrni ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kelishuv shartlariga koʻra, CPP Investments dastlab 423 million dollar evaziga CtrlS kompaniyasining 8,2 foiz ulushini sotib oladi. Qolgan 317 million dollar esa Hindiston boʻylab yuqori quvvatli (hyperscale) maʼlumotlar markazlarini barpo etishga ixtisoslashgan qoʻshma korxonaga yoʻnaltiriladi. Ushbu yangi tuzilmada Kanada jamgʻarmasi 48 foiz, CtrlS esa 52 foiz ulushga ega boʻladi.
Raqamli iqtisodiyotning yangi markazi
2007-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Haydarobodda joylashgan CtrlS hozirda mamlakat boʻylab 15 dan ortiq maʼlumotlar markazini boshqarmoqda. Kompaniya soʻnggi yillarda bulutli xizmat koʻrsatuvchi provayderlar va AI algoritmlarini qayta ishlashga boʻlgan talabning keskin ortishi ortidan oʻz quvvatlarini jadal kengaytirmoqda. Mazkur sarmoya kompaniyaga aynan sunʼiy intellekt yuklamalari uchun moslashtirilgan zamonaviy infratuzilmani yaratishga yordam beradi.Hindiston bugungi kunda global texnologik gigantlar uchun eng jozibador yoʻnalishlardan biriga aylandi. Soʻnggi oylarda Amazon, Google, Microsoft va OpenAI kabi kompaniyalar ushbu mintaqada oʻz loyihalarini eʼlon qildi. CPP Investments vakili Max Biagosch taʼkidlashicha, Hindiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan raqamli bozorlardan biri sifatida jamgʻarmaning global strategiyasida muhim oʻrin tutadi.
Global poyga va raqobat
Maʼlumotlar markazlari sohasidagi investitsiyalar faqat Kanada jamgʻarmasi bilan cheklanib qolmayapti. Sanoatdagi faollikni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi:- Blackstone tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan AirTrunk kompaniyasi 2030-yilgacha Hindistonda 30 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
- Meta korporatsiyasi Reliance Industries bilan hamkorlikda Gujarat shtatida 168 megavatt quvvatga ega AI-markazini qurishga kirishdi.
- Uber va boshqa yirik texnologik platformalar ham mintaqadagi hisoblash quvvatlarini oshirish uchun oʻz sarmoyalarini koʻpaytirmoqda.































Izohlar 0
…