Spotify haqiqiy ishqibozlar uchun chiptalarni band qilish tizimini ishga tushirdi

Dunyoning eng yirik musiqiy striming platformasi hisoblangan Spotify oʻzining eng sodiq foydalanuvchilari uchun yangi imkoniyatni taqdim etdi. “Reserved by Spotify” deb nomlangan yangi tizim sanʼatkorlarning ashaddiy muxlislarini aniqlab, ular uchun konsert chiptalarini umumiy savdolar boshlanishidan avval band qilib qoʻyish imkonini beradi. Bu qadam platformaning “supermuxlislar” bilan ishlash strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi funksiya dastlab AQSHdagi 18 yoshdan oshgan Premium obunachilar uchun amal qiladi. Loyihaning ilk hamkori sifatida xonanda Role Model tanlandi. Uning konsert turlariga qiziquvchi muxlislar 23-iyundan boshlab oʻzlariga ajratilgan chiptalar haqida bildirishnomalar olishni boshlaydilar. Spotify ushbu tranzaksiyalardan hech qanday qoʻshimcha komissiya toʻlovlari olmasligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Chipta chayqovchilariga qarshi kurash
Mazkur tizimning asosiy maqsadi — chipta bozoridagi asosiy muammo boʻlgan chayqovchilik (pereprodaja) va botlarga qarshi kurashishdir. Hozirgi kunda mashhur xonandalarning konsert chiptalari sotuvga chiqishi bilan avtomatlashtirilgan dasturlar orqali soniyalar ichida sotib olinadi va keyinchalik bir necha barobar qimmatga qayta sotiladi. Spotify esa chiptalarni botlarga emas, balki xonandaning qoʻshiqlarini muntazam tinglovchi real insonlarga yetkazib berishni koʻzlamoqda.ixbt.com ma’lumotiga koʻra, tizim chipta taklif qilishda foydalanuvchining faolligini sinchkovlik bilan tahlil qiladi. Bunda nafaqat qoʻshiqlarni tinglash soni, balki ularni ulashish (share) va boshqa interaktiv harakatlar hisobga olinadi. Eng muhimi, tizim sunʼiy intellekt yoki botlar yordamida statistikani soxtalashtirishga yoʻl qoʻymaydi. Shunchaki musiqani fonda tinimsiz qoʻyib qoʻyish “supermuxlis” maqomini olish uchun yetarli boʻlmaydi.
Geolokatsiya va foydalanish shartlari
Reserved tizimi foydalanuvchining joylashgan manzilini ham hisobga oladi. Chiptalar faqat konsert oʻtadigan hududga yaqin boʻlgan muxlislarga taklif etiladi. Agar foydalanuvchi barcha talablarga javob bersa, uning Spotify ilovasi asosiy sahifasida maxsus taklif paydo boʻladi. U yerda konsert sanalari bilan tanishish va chipta sotib olish uchun eslatma oʻrnatish mumkin boʻladi.Hozircha loyiha faqat Live Nation maydonlarida oʻtadigan konsertlar va Ticketmaster platformasi orqali amalga oshiriladigan savdolar uchun amal qiladi. Kelajakda kompaniya kichikroq konsert zallari va xalqaro bozorlarni, jumladan, Yevropa va Osiyo mintaqalarini ham qamrab olishni rejalashtirmoqda. Bu esa kelajakda Oʻzbekistondagi Spotify foydalanuvchilari uchun ham xalqaro yulduzlar konsertiga chipta olishni osonlashtirishi mumkin.
Shuni taʼkidlash joizki, “supermuxlislar” soni har doim ham konsert zalidagi oʻrinlar soniga mos kelmasligi mumkin. Shu sababli, hatto eng faol tinglovchilarga ham chipta kafolatlanmaydi, biroq ularda umumiy navbatdan oldin sotib olish imkoniyati 24 soat davomida saqlanib qoladi. Bu Spotify uchun ham foydali boʻlib, foydalanuvchilarni pullik obunani saqlab qolishga va ilovada koʻproq vaqt oʻtkazishga undaydi.































Izohlar 0
…