AQSHda yadroviy reaktor bilan ishlaydigan ulkan konteyner kemasi loyihasi maʼqullandi

Dunyoda dengiz transportini ekologik toza va yuqori samarali energiya manbalariga oʻtkazish yoʻlida muhim qadam tashlandi. Amerika kemachilik byurosi (American Bureau of Shipping, ABS) Janubiy Koreyaning KRISO instituti tomonidan ishlab chiqilgan, ikki dona kichik modulli reaktor bilan jihozlangan ulkan konteyner kemasi konsepsiyasini rasman maʼqulladi. Ushbu loyiha fuqarolik savdo flotida yadroviy energiyadan foydalanish boʻyicha yangi davrni boshlab berishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi avlod kemasi 15 000 TEU (20 futlik standart konteyner) sigʻimiga ega boʻlib, uning asosiy quvvat manbai sifatida erigan tuzli reaktorlar (Molten Salt Reactor, MSR) tanlangan. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, ushbu texnologiya anʼanaviy suv osti kemalaridagi reaktorlardan farqli oʻlaroq, past bosim ostida ishlaydi. Bu esa avariya holatlarida portlash xavfini keskin kamaytiradi va kema xavfsizligini yuqori darajaga koʻtaradi.
Texnologik ustunlik va xavfsizlik choralari
MSR-reaktorlarining eng katta afzalligi shundaki, ular bir necha yil davomida qoʻshimcha yonilgʻi quyishsiz va murakkab texnik xizmat koʻrsatishsiz uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega. Bu xalqaro yuk tashuvchi kompaniyalar uchun yonilgʻi xarajatlarini tejash va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini nolga tushirish imkonini beradi. Reaktorlar maxsus energiya jamlash tizimi bilan birlashtirilgan boʻlib, u kema manevr qilayotgan vaqtda yuklamani reaktor va akkumulyatorlar oʻrtasida aqlli taqsimlaydi.Kema konstruksiyasi ham yangi texnologiyaga moslab butunlay qayta koʻrib chiqilgan. Anʼanaviy yonilgʻi sisternalari va tutun chiqadigan moʻrilarning yoʻqligi qoʻshimcha yuk joylarini ochishga xizmat qildi. Reaktor boʻlmasi korpusning eng xavfsiz qismiga — markazga joylashtirilgan. Bu hududda deformatsiya ehtimoli past va yon tomondan toʻqnashuv sodir boʻlgan taqdirda reaktor maksimal darajada himoyalangan boʻladi.
Ekipaj xavfsizligi va kelajak rejalari
Loyiha mualliflari ekipaj aʼzolarining salomatligini ham birinchi oʻringa qoʻyishgan. Yashash xonalari va ishchi maydonlar kemaning burun qismiga, yaʼni reaktor boʻlmasidan imkon qadar uzoqroq masofaga koʻchirilgan. KRISO mutaxassislari gidrodinamik sinovlar oʻtkazib, kemaning hatto kuchli toʻlqinlar vaqtida ham 25 uzel (soatiga qariyb 46 km) tezlikni saqlab qolishini isbotlashdi.Ushbu loyiha Samsung Heavy Industries va Koreya atom energiyasi tadqiqot instituti (KAERI) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Hozirda MARINA deb nomlangan maxsus reaktor ustida ish olib borilmoqda. Navbatdagi bosqichda barcha tizimlarni kema korpusiga toʻliq integratsiya qilish boʻyicha batafsil muhandislik ishlari yakunlanadi. Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, Oʻzbekiston kabi mamlakatlarga yetkazib beriladigan mahsulotlarning logistika zanjirida ham ekologik toza va arzonroq dengiz yoʻllari paydo boʻlishi mumkin.





























Izohlar 0
…