Apple'dan kutilmagan yangilik: iPhone'ni sotib olish shart emas

Apple kompaniyasi foydalanuvchilar uchun yangi Apple Upgrade dasturini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tizim orqali iPhone, Mac, iPad va Apple Watch qurilmalarini avtomobil lizingiga o‘xshash tarzda olish va belgilangan muddatdan keyin yangiroq modelga almashtirish imkoni yaratiladi.
Xabar qilinishicha, dastur 28 iyul kuni ishga tushadi va amaldagi iPhone Upgrade Program o‘rnini egallaydi. Loyihada Apple'ning moliyaviy hamkori sifatida Klarna ishtirok etadi. Foydalanish uchun kredit reytingiga ta’sir qilmaydigan qisqa tekshiruvdan o‘tish talab etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, iPhone va Apple Watch uchun 24 oylik, iPad va Mac uchun esa 36 oylik shartnomalar taklif qilinadi. Muddat yakunida foydalanuvchi qurilmani o‘zida qoldirishi, qaytarishi yoki yangiroq modelga almashtirishi mumkin.
Biroq dastur barcha mahsulotlarni qamrab olmaydi. Manbalarga ko‘ra, bazaviy iPad, iPhone 16, Apple Watch SE va yangi MacBook Neo unga kiritilmaydi. Shuningdek, dasturda AppleCare kengaytirilgan kafolat xizmati ham bo‘lmaydi va uni alohida rasmiylashtirish talab qilinishi mumkin.
Hozircha Apple Upgrade dasturi faqat AQSHda ishga tushiriladi. Shu bilan birga, Apple mahsulotlari narxi bosqichma-bosqich oshib borayotgani sabab, yil oxirida taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 18 Pro modellari ancha qimmat bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bildirilmoqda.






























Izohlar 0
…