Anthropic IPO orqali 2 trillion dollarlik bahoga yaqinlashmoqda

Anthropic IPO orqali 2 trillion dollarlik bahoga yaqinlashmoqda
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Anthropic kompaniyasi IPO orqali 2 trillion dollardan ortiq baholanishi mumkin, bu uning may oyidagi taxminiy 965 milliard dollarlik bahosidan ikki baravardan ziyod yuqori.
  • Kompaniya sun’iy intellekt jahon iqtisodiyotini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin degan qarash asosida katta investitsiyalarni rejalashtirmoqda, ammo 2025 yilda 42 milliard dollar sof zarar ko‘rgan.

Anthropic kompaniyasining IPO hujjatlari kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi rejalari va xarajatlari ko‘lamini ochib berdi, deb xabar beradi Reuters.

Kompaniya sun’iy intellekt jahon iqtisodiyotini sanoatlashtirish, elektr energiyasi va internetdan ham kattaroq darajada o‘zgartirishi mumkin, degan qarash asosida katta investitsiyalarni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Anthropic'ning xarajatlari ham keskin oshib bormoqda.

Hujjatlarga ko‘ra, kompaniya 2025 yilda 42 milliard dollar sof zarar ko‘rgan. Keyingi yillarda bulutli xizmatlar, hisoblash quvvatlari va infratuzilma bo‘yicha majburiyatlar uchun 518 milliard dollar sarflashi rejalashtirilgan.

Anthropic'ning 2025 yildagi tushumi qariyb 4,6 milliard dollarga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 12 baravar o‘sishni anglatadi. Biroq kompaniyaning operatsion zarari 2025 yilda 8,06 milliard dollarga yetgan, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 2,98 milliard dollar edi.

Kompaniya o‘tgan yili hisoblash quvvatlari va infratuzilmaga 7,33 milliard dollar sarflagan. Bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘p bo‘lib, umumiy operatsion xarajatlarning yarmidan ortig‘ini tashkil qilgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Anthropic'ning birjaga chiqishi kompaniyani 2 trillion dollardan ortiq baholashi mumkin. Bu ko‘rsatkich kompaniyaning may oyidagi taxminiy 965 milliard dollarlik bahosidan ikki baravardan ziyod yuqori.

Anthropic'ning IPO hujjatlarida kompaniyaning yirik mijozlarga qaramligi ham qayd etilgan. O‘tgan yili tushumning qariyb chorak qismi ikki nafar mijoz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Kompaniya ayrim yirik mijozlar uzoq muddatli shartnomalarga ega emasligi va xarajatlarni qisqartirishi yoki butunlay to‘xtatishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

31 dekabr holatiga ko‘ra, Anthropic'ning naqd pullari, ularning ekvivalentlari va qisqa muddatli investitsiyalari 20,28 milliard dollarni tashkil qilgan.

Kompaniyaning IPO‘si sun’iy intellekt sohasidagi yirik kompaniyalarni bozor qanday baholashini belgilashda muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishi mumkin. Anthropic bu yo‘nalishda OpenAI, Google, Meta va xAI bilan raqobat qilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar