15:26 / 18.08.2017
9 729

Eng yaxshi surat oluvchi kamerafonlar, ularning yurtimizdagi narxlari – Top-7

Eng yaxshi surat oluvchi kamerafonlar, ularning yurtimizdagi narxlari – Top-7
So‘nggi yillarda smartfon sanoati katta o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Ayniqsa, smartfonlardagi kameralarning raqamli kameralar bilan bellasha olish darajasiga etayotgani diqqatga sazovor. Quyida e’tiboringizga havola qilinayotgan mobil aloqa vositalari ayni paytda suratga olishda tengsizligi bilan o‘ziga xos. Ular bilan tanishing.

7. Sony Xperia XZ Premium – Sony smartfonsozlarni doimo sensorlar bilan ta’minlab kelgan. Kamera texnologiyasining giganti bo‘lgan bu brend o‘zining smartfonlari uchun ham eng yaxshi surat olish tiziminini joriy qilgan. Shubhasizki, Xperia XZ Premium surat olishda jahonda etakchilardan biri. Undagi 19 megapikselli sensorning optik linzasi uchun f/2.0 Exmor RS sensori tanlangan. Bu linza gibrid bo‘lib, sifatli va tezkor fokuslaydi. Shuningdek, smartfon kamerasi Motion Eye tizimiga ega bo‘lib, super sekinlashtirilgan, ya’ni har sekundda 960 kadrli videolar tasvirga olish qobiliyatiga ega.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 735 AQSh dollaridan sotilmoqda.

6. Apple iPhone 7 Plus – so‘nggi ayfonlar Apple kamera texnologiyasida ham o‘z so‘ziga egaligini isbotlay oldi. IPhone 7 Plus bosh kamerasi qo‘sh sensorli bo‘lib, kompaniya smartfon sanoatida ilk marotaba yangicha surat olish texnikasini ilgari surdi. Jumladan, 12 megapikselli sensor optik linzasi f/1.8 hajmli bo‘lib, optik barqarorlashtirish tizimiga ega, bu sensor asosan rang-tasvirni muhrlashga mas’ul. Bosh kameraning ikkinchi sensori esa 13 megapikselli va uni "telefoto linzasi" deyish mumkin. Bu sensor keng burchak ostida suratga olish va manzarani uning sifatini yo‘qotmasdan turib 2 karra yaqinlashtirish uchun mas’ul. Bosh kamera tezkor suratga olishi bilan ham o‘ziga xos. Shu bilan birga, bu kamerada sekinlashtirilgan video ham suratga olish mumkin.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 750 AQSh dollaridan sotilmoqda.

5. LG G6 – LG G6 flagmani imkoniyatlariga jamoatchilik hali ham to‘g‘ri baho bera olgani yo‘q. Flagman suratga olishda eng kuchli kamerafonlar bilan bellasha oladi. Undagi bosh kamera 2 ta har biri 13 megapikselli sensorlardan iborat. Bu sensorlardan birining optik linzasi f/1.8 va u optik barqarorlashtirish funksiyasiga ega. Ikkinchi linza esa f/2.4 diafragmali va unda fazali avtofokus tizimi joriy qilingan. Flagman kamerasida HDR, 360 panorama, "taom" kabi qiziqarli rejimlar mavjud.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 600 AQSh dollaridan sotilmoqda.

4. OnePlus 5 – ishlab chiqaruvchi tomonidan "flagmanlar kushandasi" nomi berilgan bu smartfon kamerasi ham "o‘tkir ko‘z"lardan biri. OnePlus 5'ning sifatli suratlari undagi qo‘sh ob’ektivli innovasion bosh kamera bilan bog‘liq. Bu sensorlardan biri – Sony IMX398 datchigi 16 megapikselli bo‘lib, uning optik linza hajmi f/1.7, ya’ni eng yaxshi diafragma. Shuningdek, ikkinchi sensorga 20 megapikselli datchik o‘rnatilgan. Bu sensor optik linzasi f/2.6 va uning uchun Sony IMX350 datchigi tanlangan. Kameradagi qo‘shaloq LED fotochaqnog‘i yorug‘lik past sharoitda ham yaxshi suratlar olishga yordam beradi.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 500 AQSh dollaridan sotilmoqda.

3. Samsung Galaxy S8 / Galaxy S8+ – Samsung'ning amaldagi so‘nggi flagmanlari bir sensorli bo‘lsa ham, jahonning eng yaxshi kamerafonlaridan biri. Flagmanlardagi 12 megapikselli kamera optik linzasi f/1.7 standartiga ega va unda "Dual Pixel" – qo‘sh pikselli texnologiya joriy qilingan. Qo‘sh pikselli texnologiyada kamera olgan bir necha kadrdan eng yaxshilariga xos jihatlar olinib, yagona umumlashgan surat hosil qilinadi.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 650 AQSh dollaridan sotilmoqda.

2. Huawei P10 Plus – "nemis sifati" deganda fotografiyada taniqli Leica brendi ko‘pchilikning xayolidan o‘tadi. P10 Plus ana shu brendning texnologiyasi bilan maqtana oladi. Ayniqsa, "Leica Dual Camera 2.0 Pro" degan uzundan-uzun nom ham uning imkoniyatlarini ochib beradi. Bu sensorlardan biri 20 megapikselli va f/1.8 diafragmaga ega bo‘lib, bu sensor manzarani oq-qora rangda muhrlaydi. Shuningdek, f/1.8 hajmli diafragmaga ega ikkinchi – 12 megapikselli sensor rangli surat oladi. Ikkala sensor olgan suratlar yaxlitlashib, yagona – ranglarga to‘yingan surat hosil bo‘ladi. Huawei P10 Plus kamerasi portret, yon tomon effekti kabi zamonaviy suratga olish rejimlariga ega bo‘lgan.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 700 AQSh dollaridan sotilmoqda.

1. HTC U11 – HTC U11 ayni paytda eng yaxshi kamerafon sifatida e’tirof etilmoqda. Fotokameralar sifatini baholovchi DxOMark xizmati tomonidan HTC U11 flagmanining suratga olish imkoniyatlariga 90 ball qo‘yilgan. Natijada, flagman DxOMark reytingining 1-pog‘onasidan o‘rin egallagan.

flagmandagi bosh kameraning tezkor va aniq avtofokus funksiyasi, tasvirni tabiiy muhrlash sifati, detallarga boy fotosurat olish, har qanday sharoitda ham fotosuratlardagi dinamik diapazon darajasi, oq tus me’yorining to‘g‘ri berilishi, rang-tasvirning muhrlanishi, suratdagi xiralikning imkon qadar pastligi alohida qayd etilgan.

HTC U11 uchun 1,4μm pikselni qamrab oladigan 12 megapikselli sensor tanlangan. Uning yorug‘likni qamrab oluvchi optik linza kengligi f/1.7’ga teng. Smartfon Ultrapixel 3 texnologiyasi, suratni optik barqarorlashtirish tizimi va qo‘shqavatli svetodiodli fotochaqnoqqa ega.

Smartfon yurtimiz smartfon bozorida 700 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Manba: «Terabayt»

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Eng yaxshi surat oluvchi kamerafonlar, ularning yurtimizdagi narxlari – Top-7