16:02 / 12.09.2017
3 679

Apple yangi avlod iPhone smartfonlarini taqdim etadi

Apple yangi avlod iPhone smartfonlarini taqdim etadi
Bugun 12 sentyabr kuni Amerikaning Apple korporatsiyasi o‘z qurilmalari yangi avlodining taqdimotini o‘tkazadi. Kompaniya an’anaga rioya qilgan holda so‘nggi lahzagacha ular haqidagi tafsilotlarni sir tutadi. Shunga qaramay, ekspertlar Apple birdaniga bir nechta iPhone smartfonlari, yangilangan Apple Watch soatlarini taqdim etishiga shubha bildirishmayapti.

Marosim AQSh g‘arbiy sohili vaqti bilan 10:00 (Tvb 22:00) da boshlanadi. U ilk marotaba kompaniya asoschisi Stiv Jobs nomi bilan atalgan taqdimotlar zalida bo‘lib o‘tadi. U Kupertinoda yaqinda ochilgan Apple Park kampusida joylashgan.

Oliy toifadagi yangi iPhone

Joriy yilda Apple korporatsiyasi ilk iPhone telefoni sotuvga chiqqanligining 10 yilligini nishonlaydi. Shunga ko‘ra, yuqori texnologiyalar haqida xabarlar yozuvchi aksariyat amerikalik mutaxassislar korporatsiya yubileyga sovg‘a hozirlayotganiga ishonishmoqda.

Avvalgi iPhone 7 va iPhone 7 Plus o‘tgan yil sentyabr oyida havola etilgan edi. Odatda Apple yangi smartfonni ikki yilda bir marta taqdim etishi e’tiborga olinsa, aslida bu yil o‘tgan yilgi smartfonlar biroz yangilanishini kutish mumkin edi.

Ammo, ekspertlarga ko‘ra, Apple bu yil odatdan chekinishga qaror qilgan va iPhone 7S hamda iPhone 7S Plus smartfonlaridan tashqari oliy toifadagi yana bir smartfonni namoyish etadi. Hozircha, uning aniq nomlanishi ma’lum emas, mutaxassislar uni iPhone 8, iPhone X va iPhone Pro kabi turlicha shartli nomlar bilan atashmoqda.

The Verge tarmoq portali ma’lumotlariga binoan, yangi telefon Apple telefonlarining eng ilg‘ori bo‘ladi. Reuters agentligi taxminlariga ko‘ra, uning narxi 1 ming AQSh dollaridan ortiqroq turadi. Barcha uchchala smartfon ham sentyabr oyi oxirida AQShda sotila boshlanadi.

Apple Watch

Tahlilchilarning yakdil fikricha, Apple bugungi taqdimot marosimida Apple Watch "aqlli" soatlarining yangilangan namunasini ko‘rsatadi. Gizmodo nashrining yozishicha, gadjetga simsiz modem o‘rnatilishi uni iPhone smartfoniga ulamasdan foydalanish imkonini beradi.

Hozirda, Apple Watch yordamida telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirish, qisqa xabarlar yuborish yoki musiqa eshitish uchun yonida smartfon olib yurishi shart. Endilikda, Apple bu borada xaridorlarga erkinlik taqdim etmoqchi.

Apple TV ham navbatda, ammo bu safar planshetlarsiz

Yana bir kutilayotgan yangiliklardan biri Apple TV raqamli mediamahsulotidir. U o‘ta yuqori o‘lchamli 4K videolarini ham namoyish eta oladi. Bundan tashqari, Apple, o‘z dasturiy ta’minotlaridagi ulkan o‘zgarishlardan voqif qiladi.

iMac kompyuterlari, MacBook noutbuklari va iPad planshetlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, mutaxassislar fikricha, bu safargi taqdimot marosimida ular haqida ma’lumotlar bo‘lmaydi. Ammo, Apple HomePod nomli aqlli tovushkuchaytirgich tafsilotlariga to‘xtalishi mumkin. Uning taqdimoti shu yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan, u dekabr oyida sotuvga chiqishi kutilayapti.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple yangi avlod iPhone smartfonlarini taqdim etadi