09:02 / 20.08.2018
4 635

“Feysbuk”dagi “blondinkalar”dan ogoh bo‘ling!

“Feysbuk”dagi “blondinkalar”dan ogoh bo‘ling!
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar kundalik turmushda tobora chuqurroq o‘rin egallab bormoqda. Dastlab undan qulay aloqa o‘rnatish maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, hozir ijtimoiy tarmoq allaqachon o‘zaro muloqotning asosiy vositasiga aylanib ulgurgan. “Feysbuk” esa O‘zbekistonda foydalaniladigan yetakchi ijtimoiy tarmoqlardan biri hisoblanadi, deb yozmoqda Kun.uz.

Ayni paytda, akkaunt bosh suratida chet ellik malla soch xonimlar tasvirlangan “Feysbuk”ning o‘zbekistonlik foydalanuvchilariga do‘stlik taklifi bilan chiqayotganlar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Bunday takliflar asosan erkak kishilarga nisbatan yuborilayotgan bo‘lib, profil egalarining aksariyati, tarmoq so‘rovnomasida, asli Fransiyadan ekani iddao qilinadi. Ayrimlari hatto yashash joyini Toshkent, Buxoro yoki Jizzax sifatida belgilab olgani hayratlanarli holat. Tabiiy savol paydo bo‘ladi: bu malla soch xonimlarga o‘zbekistonliklardan nima kerak bo‘lishi mumkin?

Masala jiddiy yondashmoqchi bo‘lganimizdayoq, ushbu ijtimoiy o‘yinning “qurbon”lari paydo bo‘lgan. O‘z shaxsini sir saqlashni so‘ragan “Feysbuk” foydalanuvchisining aytishiga qaraganda, do‘stlik taklifidan ko‘zlangan maqsad firibgarlik yo‘li bilan pul undirib olish bo‘lgan.

“Do‘stlikni qabul qilishim bilanoq, menga ingliz tilida tanishuv xabarlari kela boshladi. Bu tilni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim chatni davom ettirishga undadi. «Burton Stanely” deb nomlangan profil egasi men haqimdagi ayrim (uylanganlik, bolalarim bor yoki yo‘qligi va ishim to‘g‘risidagi) savollarga javob olgandan so‘ng videomuloqotga kirishish fikrini o‘rtaga tashladi. Qiz bolaning o‘zi shunday taklif bilan chiqsayu (kamiga chet ellik), biz yo‘q deymizmi qabilada men ham rozi bo‘ldim. Muloqot boshlanishi bilan qiz kiyimlaridan xoli bo‘la boshladi. U yog‘ini aytishga tilim bormaydi. Shayton yo‘ldan urdi…» – deydi kutilmagan vaziyatga tushib qolgan yigit.

Ma’lum bo‘lishicha, virtual olamdagi bu mallasoch, videomuloqotni to‘liq yozib olib, uni tarqatmaslik evaziga 1500 AQSH dollari talab qilgan. “Feysbuk”ning ishlash tizimini yaxshi tushunadigan do‘stlari yordamida yigit bu akkauntga “spam” berishga erishadi, lekin ustasi faranglar yangi “Paola Sandra” nomi bilan ochilgan profil orqali shantajni davom ettirishgan. Mashmasha 1500 dollar pul bilan tugamasligini tushungan holda, taqdirga tan berib, “Feysbuk”ni butkul tark etish – eng ma’qul variantdek ko‘ringan va shunday qilingan. Videoga kelsak, “Bag‘dodda hammayoq tinch”, hozircha.

“Aytishlaricha, shoh soxta emish?!”

O‘tkazilgan kichik tekshiruv natijasida aniq bo‘ldiki, “fransiyaliklar” fransuzcha bilmaydi. Ular fransuz tilidagi xabarlarga javob bera olishmagan, ingliz tilidagi yozishmalar ham avvaldan tayyorlangan bo‘lib, shablon asosida har kimga birdek jo‘natish uchun mo‘ljallangan. Katta ehtimol bilan bir kishi o‘nlab soxta foydalanuvchilar nomidan ijtimoiy tarmoqda ish olib bormoqda.

Ogoh bo‘ling!

“Feysbuk”ning o‘zbek auditoriyasi kuniga 4-5 nafar chet ellikning do‘stlik taklifiga duch kelayotgani aholi orasida biroz tushunmovchilikka sabab bo‘lmoqda. “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” – deb bejizga aytishmagan. Turli xayollar og‘ushida, uzoqni o‘ylamasdan internetdagi notanish kishilar bilan aloqa o‘rnatishga shoshilmang, zero hech bir ish shunchaki, manfaatsiz amalga oshirilmaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » “Feysbuk”dagi “blondinkalar”dan ogoh bo‘ling!