10:55 / 07.11.2018
4 406

Bill Geyts suvsiz ishlaydigan unitazni namoyish etdi

Bill Geyts suvsiz ishlaydigan unitazni namoyish etdi
"Microsoft" kompaniyasi asoschilaridan biri Bill Geyts Xitoydagi ko‘rgazmada suvsiz ishlaydigan va kanalizatsiyaga ulanish ehtiyoji bo‘lmagan unitaz loyihasini taqdim etdi. Taqdim etilgan uskuna axlatni kimyoviy moddalar vositasida o‘g‘itga aylantirishni taklif qiladi.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha ustida yillar davomida izlanish olib borilgan va endi u bozorga chiqishga tayyor. "Uning konsepsiyasi yaqin vaqt ichida ishlab chiqaruvchilarga taqdim etiladi", – dedi Geyts.

"Reuters" muxbiri bilan suhbatda Geyts an’anaviy hojatxonalardan suv ishlatmaydigan unitazlarga o‘tishni "Microsoft"ga asos solingan 1970 yillardagi texnika taraqqiyoti bilan qiyosladi. Uning fikricha, o‘z vaqtida kompyuterlar gigant mashinalardan ixcham avtonom uskunalarga aylanganidek, chiqitni kimyoviy utilizatsiya qilish usuli ham uy xo‘jaliklarida ommalashadi.

"Bloomberg"ning yozishicha, Bill Geyts va uning rafiqasi Melinda tomonidan asos solingan xayriya jamg‘armasi yetti yil davomida inson axlatidan suv olish yoki uni o‘g‘itga aylantirish bilan bog‘liq tadqiqot loyihalari uchun 200 mln dollar investitsiya kiritgan. Jamg‘arma hisob-kitoblari ko‘ra, qoniqarsiz sanitariya har yili besh yoshgacha bo‘lgan 500 ming bolaning o‘limiga sabab bo‘ladi va sog‘liqni saqlash sohasi uchun yiliga qo‘shimcha 233 mlrd dollar sarf-xarajatni talab qiladi.

Jahondagi sanitariya holatini yaxshilash zarurligini anglatish uchun Bill Geyts unitaz taqdimotiga bir bankani ham ko‘tarib keldi, uning aytishicha, banka ichida “rotavirusning 200 trln hujayrasi, shigell turiga mansub 20 mlrd bakteriya (yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaradi) va gijjaning 100 ming tuxumi bo‘lishi mumkin”.

"Forbes" jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, Bill Geytsning boyligi 90 mlrd dollarga teng. Biznesmen jahonning eng badavlat odamlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Bill va Melinda Geyts fondi esa jahondagi eng yirik xususiy xayriya jamg‘armasidir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Bill Geyts suvsiz ishlaydigan unitazni namoyish etdi