14:31 / 14.05.2019
4 296

Buxoroda havodan suv oladigan "noyob uskuna" o‘rnatildi

Buxoroda havodan suv oladigan "noyob uskuna" o‘rnatildi
Buxoro shahridagi 32 – Mehribonlik uyida respublikamizda birinchi bo‘lib havodan suv oladigan noyob uskuna o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroil davlatining “Watergen Ltd” kompaniyasi, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan mazkur loyihaga ko‘ra, maxsus generator havo namligidan foydalangan holda ekologik toza ichimlik suvini hosil qiladi. Qurilma bir sutkada 900 litrgacha suv chiqarish quvvatiga ega.

- “Watergen” texnologiyasi asosidagi bu uskunalar dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo – suv generatori sanaladi, -deydi respublika Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori Shahobiddin Sharifov. - Qurilma shuningdek, bir nechta to‘siqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, atmosfera havosi namlikning ulkan havzasi sanaladi. Hatto iqlimi quruq, cho‘l hududlardagi yerga yaqin joylashgan bir kvadrat kilometr atmosfera qatlamida 20 ming tonna suv bug‘i mavjud. Butun dunyoda kuzatilayotgani kabi mamlakatimizda ham ichimlik toza suv masalasi dolzarbligi inobatga olinsa, ushbu loyiha istiqbolli ekani ko‘zga tashlanadi.

Darvoqe, ushbu qurilma Buxoroda tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish uchun ikki oy muddatga o‘rnatildi. Shundan so‘ng u Mo‘ynoq tumanida ham sinovdan o‘tkaziladi.

Dastlabki tahlillar ko‘rsatyaptiki, havodan olinayotgan suvning qattiqlik darajasi me’yorida.

Aytmoqchi, “Watergen Ltd” kompaniyasining ushbu generatorlari jahonning bir qator davlatlari, jumladan, Vetnam, Tailand, Kanada hamda Janubiy Amerikada ishlab chiqarilmoqda. Uning uy sharoitida ishlatiladigan, sutkasiga 50 – 100 litr suv beradigan moslamalariga qiziqish ayniqsa, katta. Bu dunyodagi eng yaxshi innovatsion loyiha sifatida e’tirof etilgani ham bejiz emas.

Kelgusida mamlakatimizda ham har bir xonadonga mo‘ljallangan, havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi kichik hajmli shunday qurilmalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti.

Istam IBROHIMOV

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Buxoroda havodan suv oladigan "noyob uskuna" o‘rnatildi