23:16 / 27.03.2020
3 304

Koronavirus pandemiyasi fonida rivojlanayotgan Top-IT startaplar

Koronavirus pandemiyasi fonida rivojlanayotgan Top-IT startaplar
Koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz davrida biznes zarar ko‘rmoqda, startaplar investorlarning xavotirlari tufayli mablag‘larini yo‘qotmoqdalar va ba’zi kompaniyalar yopilish xavfi ostida. Shunga qaramay, ba’zi loyihalar, aksincha, juda mashhur bo‘lib bormoqda.

Tibbiy startaplar
Shvetsiya, Norvegiya, Ispaniya hamda Fransiyada tibbiy telexizmat ko‘rsatayotgan KRY shved kompaniyasi Yevropadagi eng ko‘p yuklab olinayotgan tibbiy ilova sanaladi. Kompaniya o‘zini "Shvetsiyadagi ilk raqamli tibbiy markaz" deb hisoblaydi. Ilova quyidagicha ishlaydi: avval unga bemor o‘zi haqidagi ma’lumotlarni hamda kasallik alomatlari (simptomlarini) kiritadi, keyin KRY bemorni shifokor bilan 15 daqiqalik videoqo‘ng‘iroqqa ulab beradi.

Koronavirus pandemiyasi paytida, dasturlarning yuklanishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 61% ga oshdi va shu davrda konsultatsiyalar soni 80% ga oshdi (virusli simptomlar bo‘yicha maslahatlar 240% dan oshdi). KRY misli ko‘rilmagan talabni qondirish uchun ko‘proq xodim yollashiga to‘g‘ri keldi.

COVID-19 butun Yevropaga tarqalishi sababli, infeksiyadan qo‘rqish ko‘p odamlarni onlayn tibbiy yordamga murojaat qilishga majbur qilmoqda. Virtual tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Doctolib fransuz-nemis kompaniyasi, Qare fransuz kompaniyasi, Push Doctor britan shirkati hamda Germaniyaning Compugroup Medical SE kompaniyalari bizneslari ham rivojlanib bormoqda.

Robot ishlab chiqaruvchilar
Robotlar kasal bo‘lmaydi. Bu ularni kasalxonalarda ishlash va izolyatsiya ichida bo‘lganlarga yordam berish uchun ideal holga keltiradi.

Daniya kompaniyasi Blue Ocean Robotics bir nechta avtonom robot liniyalarini, jumladan UVD robotlarini ishlab chiqarmoqda. Ushbu avtonom dezinfeksiyalash robotlari ultrabinafsha nurlari bilan kasalxonalarda virus va bakteriyalarni o‘ldirishga yordam beradi. Ikki yil oldin bozorga chiqqandan beri uning o‘sishi yiliga 400% ni tashkil etmoqda.

Xitoy epidemiyasining avjiga chiqqanda, startap o‘zining eng katta buyurtmasini oldi - 100 ta robot va hozirda buyurtmalar davom etmoqda. "Bizning oddiy robotimiz narxi 60 ming yevroni tashkil etadi, bu qimmatga tushadi, ammo har bir kasalxonada infeksiyani yuqtirgan kishi boshiga hisoblaganda bu 3 ming yevroni tashkil etadi. Ushbu xarajat to‘rt yarim oyda chiqib ketadi", - deydi Blue Ocean Robotics kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Klaus Risager.

Videokonferensiya platformalari
Tadbirlar ketma-ket bekor qilinayotgani sababli, Londonning Hopin kabi onlayn tadbirlarni o‘tkazish uchun platformalar rivojlanmoqda va biznesni qo‘llab-quvvatlaydigan platformalar ayniqsa talabgir.

Ko‘plab startaplar pandemiya vaqtida yangi mijozlarni topish uchun dasturlarining bepul versiyalarini taqdim etmoqdalar. Klaxoon telekonferensiya platformasiga bo‘lgan talab 90 %ga ortdi va hozirda u uch oylik bepul foydalanishni taklif etmoqda. Shunga o‘xshash dunyodagi masofaviy o‘qitish platformasi Century Tech o‘z platformasini Gonkong maktablari uchun tekinga foydalanishni taklif qildi.

Masofaviy konferensiya kompaniyasi Zoom Video Communications Inc. kompaniyasining aksiyalari ketma-ket uch oy davomida o‘sib bormoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Zoom koronavirus tarqalishi tufayli foyda ko‘rgan sanoqli kompaniyalardan biri. O‘tgan hafta kompaniya vakillari mijozlar oqimiga bardosh berish uchun xizmat ko‘rsatish hajmi oshirilganligini ma’lum qilishdi.

Masofaviy suhbatlashish platformalaridan yana biri Around'ga yaqinda 5,2 mln dollarlik investitsiya kiritildi. Onlayn-leksiyalar va konferensiyalar platformasi Run The World esa $4,3 mlnlik sarmoyani qo‘lga kiritdi.

Biotex-startaplar
CureVac va BioNTech nemis biotexnologiyalar startaplari koronavirus vaksinasini bozorga birinchi bo‘lib olib chiqish uchun kurashmoqdalar, shu bilan bir qatorda ular pandemiya vaqtida o‘z bizneslarini targ‘ib ham qilishmoqda.

Britaniyaning BenevolentAI kompaniyasi ijrochi direktori Joanna Shildsning so‘zlariga ko‘ra, startap dori vositalarini tezkor topish uchun sun’iy idrokdan foydalanmoqda. Devid Braun, Kembrijning Healx (kamyob kasalliklarni davolashni prognoz qilishga ixtisoslashgan kompaniya) startapi asoschilaridan birining ta’kidlashicha, dunyodagi hukumatlar va sog‘liqni saqlash tizimlari ishonchli ma’lumotlar va sun’iy intellekt real vaqt rejimida COVID-19 va shunga o‘xshash boshqa muammolarga qarshi kurashda muhim rol o‘ynashini anglay boshladilar.

Farmatsevtika sanoatining vakillari ham hozirda foyda olmoqda. Masalan, Shveysariyaning SkyCell dori-darmon yetkazib beruvchi kompaniyasi Xitoyga 46 tonna (233 million dollar) dori-darmonlarni xavfsiz jo‘natish uchun 200 dan ortiq qo‘shimcha buyurtma qabul qilgan.

Koronavirus, shuningdek, dorilar va gigiyena vositalarini ishlab chiqaruvchilar uchun ham foydali bo‘lmoqda. Xususan, epidemiyaning dastlabki ikki haftasida tibbiy niqoblar ishlab chiqaradigan Yaponiyaning Kawamoto kompaniyasining ishlab chiqarish hajmi to‘rt baravar ko‘paydi.

Korporativ messenjerlar
Ko‘proq odamlar uydan ishlashga majbur qilinayotganligi sababli, Slack Technologies korporativ messenjeri tobora ommalashib bormoqda. Morningstar tahlilchilarining fikriga ko‘ra, xodimlarning ommaviy ravishda uzoqdan ishlash rejimiga o‘tishlari sababli kompaniya aksiyalari qiymati oshadi. Bespoke Investment Group tahlilchilari shuningdek, Slack Technologies aksiyalarini sotib olishni tavsiya qilmoqda.

Ko‘ngilochar xizmatlar
Karantin holatida bo‘lganlar, dam olish uchun biror narsaga muhtoj. Netflix oqim xizmatlari bundan foyda oladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, fitness-klublarning yopilishi tufayli sport ishqibozlari uyda ko‘proq mashq qilishni boshlaydilar va shu sababli uy sharoitida mashq qilish uchun ilova va platformalarning mashhurligi oshadi.

Karantin davrida muhim o‘rinni video o‘yinlar egallaydi. Hozirda Xitoy misolidan foydalanib, tahlilchilar geymerlar auditoriyasining keskin o‘sishi, shuningdek o‘yin ichidagi xaridlar uchun sarf-xarajatlarning ko‘payganini qayd etdilar. To‘g‘ri, Xitoy misolida kichik startaplar uchun joy yo‘q - gigant Tencent asosiy foyda oluvchiga aylandi. Amerika va Yevropa bozorlarida, shuningdek, juda katta o‘yinchilar ustunlik qilishadi - Activision Blizzard, Electronic Arts va Take Two Interactive.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Koronavirus pandemiyasi fonida rivojlanayotgan Top-IT startaplar