09:07 / 28.04.2020
2 563

«XXI asr qaroqchiligi»: investorlar Telegram asoschisining xatti-harakatlaridan tashvishda

«XXI asr qaroqchiligi»: investorlar Telegram asoschisining xatti-harakatlaridan tashvishda
Foto: de.wikipedia.org
Telegram faqatgina AQSHlik investorlarining pullarini qaytarib, qolgan barcha sarmoyadorlari uchun o‘zining Gram kriptovalyutasini chiqarishi mumkin. Investorlarni cho‘chitayotgan jihat – ushbu kriptovalyutaga AQSHda taqiq qo‘yilgan.

The Bell nashri bilan gaplashgan Telegram Open Network (TON)ning to‘rt investori Telegram faqat AQSHlik investorlarga tikilgan pullarini qaytarib berib, qolganlar uchun sud taqiqiga qaramasdan Gram kriptovalyutasini muomalaga kiritishi mumkinligidan xavotirda ekanliklarini bildirishgan.

30 aprelgacha Telegram TON tarmog‘ini ishga tushirib, Gram kriptovalyutasini muomalaga kiritishi lozim yoki loyiha bo‘yicha xarajatlarni ayirib tashlab, qolgan pullarni investorlarga qaytarib berishi kerak. (Bu jami jalb etilgan 1,7 milliard dollarning 72 foizini tashkil etadi). Kompaniya investorlarga hozircha o‘zining keyingi qadamlarini ham oshkor etmayapti, sud taqiqiga qaramasdan loyihani ishga tushirish rejalari haqida ham xabar bermayapti.

«Umuman olganda, TON investorlari bilan aloqa doimo u qadar shaffof bo‘lmagan», — degan The Bell’ga hamsuhbatlaridan biri.

Jurnalistlar suhbatlashgan investorlarning fikricha, Gram muomalaga chiqarilishi – ehtimoli eng yuqori ssenariydir. Ularning uch nafari bu haqda boshqa investorlar ham aytishayotganini bildirgan. The Bell bilan suhbatlashgan yana bir manbaga ko‘ra, TONga pul tikkan ko‘pchilik allaqachon bundan xabardor.

The Bell’ning ikki hamsuhbatining fikricha, TONning ishga tushirilishi «loyiha investorlarini zarba ostida qoldiradi». Investorlardan birining aytishicha, sudya «Gram’ning har qanday ko‘rinishda joylashtirilishi sud qarorini buzish hisoblanishi»ni anglatishini va bu barcha davlatlar uchun amal qilishini aytib o‘tgan.

«Bu juda qo‘rs harakat, qariyb XXI asr qaroqchiligi bo‘ladi. Agar ular Gram’ni muomalaga kiritishsa, formal jihatdan o‘z va’dasini bajargan bo‘lishadi va pullarni qaytarishga majbur bo‘lmaydi. AQSH qonunini buzgan ular, sen esa Gram’ni olib jinoiy sherik bo‘l yoki olmasdan pulsiz qol — ixtiyoring», — degan The Bell hamsuhbatlaridan biri.

2019 yilning oktabrida AQSH qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi (SEC) ICO Telegram ustidan sudga da’vo arizasi kiritib, Gram kriptovalyutasini vaqtinchalik taqiqlashga erishgan. Bu vaqtga kelib kompaniya ICO uchun 1,7 milliard dollar to‘plashga ulgurgan edi.

SEC’ning fikricha, Telegram kriptovalyuta sotuvini qimmatbaho qog‘ozlar bilan bitim ko‘rinishida rasmiylashtirishi kerak bo‘lgan. Kompaniya bunday yo‘l tutmagan, shu sababli AQSHdagilar bunda qonun buzilishini ko‘rishgan.

Shu yil 25 mart kuni AQSH sudi Telegram kriptovalyutasini qimmatbaho qog‘oz deb topgan va Gram tokenlarini xaridorlarga sotishni taqiqlagan. Sud qarorida ko‘rsatilishicha, TONning ilk investorlari tokenlarni ikkilamchi bozorda sotib bundan daromad qilishni ko‘zlashgan. Sud buni «qimmatbaho qog‘ozlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi hujjatlarsiz ommaviy tarqatish» deb baholagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » «XXI asr qaroqchiligi»: investorlar Telegram asoschisining xatti-harakatlaridan tashvishda