19:00 / 26.05.2020
3 963

O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi qurilma yaratdi

O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi qurilma yaratdi
Odatda olamshumul ixtiroyu kashfiyotlar mualliflari yo AQSH yoki Yevropa vakillari bo‘lishiga odatlanib qolganmiz. Ayniqsa, besh oydan buyon butun dunyo tojdor ofatni daf qilolmayotgan bir davrda o‘zbek mutaxassislari koronavirusni jilovlash yo‘lini topishgani biroz shubhali gapday ham tuyulishi mumkin.

Ammo bu yangilikda aslo yolg‘on yo‘q. Hammasi haqiqat!

Gap shundaki, hozir manaman degan davlatlar ham bu o‘latga qarshi an’anaviy usulda kurashyapti. Dizenfeksiya, shaxsiy gigiyena vositalari... Bularning barchasi — kimyo. Hatto mo‘’jizaviy vaksina yaratish yo‘lidagi urinishlar ham shu usulga xos.

Bizning mutaxassislarimiz esa mutlaqo boshqacha yo‘ldan borishdi. Qisqa vaqt ichida olib borilgan tadqiqotlar natijalari esa — a’lo! Qarang, bu la’nati virusni fizik yo‘l bilan ham jilovlash mumkin ekan.

Xo‘-o‘-sh, qanday qilib, degan savolingizga quyida javob berishga harakat qilamiz.

Endilikda “COVID-19” haqida fanga ko‘p narsa ma’lum. Shulardan biri koronovirusning havo orqali tarqalishi! Birgina yo‘tal yoki aksirish oqibatida hosil bo‘lgan bulutli tomchilar havoda bir necha daqiqa davomida saqlanib turadi. Hatto bemor xonani tark etsa ham, bu yerga kirgan kishi infeksiyani yuqtirib olishi mumkin. Ko‘cha-ko‘yga chiqqanda tibbiy niqob taqib yurishimiz, odamlar bilan muloqotda masofa saqlashimizning boisi shu.

Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi tojdor virusga ayni shu yo‘ldan zarba berish lozimligini anglashdi. Shu tariqa maxsus tadqiqot loyihasini ro‘yobga chiqarishga kirishildi.

Dastlabki laboratoriya sinov-tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Izlanishlar virus va bakteriyalarni bloklaydigan va zararsizlantiradigan universal texnologiya yaratish ustida olib borildi.

Unga ko‘ra, yangi innovatsion texnologiya yopiq maydondagi havoni zararsizlantiribgina qolmay, bemorning nafas yo‘llari va o‘pkasigacha virus hamda boshqa yuqumli kasalliklardan tozalaydi.

— Innovatsion texnologiyaning asosi — yangi yaratilgan molekulalar, — deydi mazkur ixtiro muallifi, tadqiqotchi Olimjon Yusupov. — Ana shu ajabtovur molekulalar belgilangan hududning havosi va hatto turli jismlar, ashyolarning ustki hamda ichki qismlaridagi mavjud virus va bakteriyalarni ham neytrallashtirish xususiyatiga ega. Shuningdek, bu qurilma inson nafas olish yullaridagi viruslargacha masofaviy zararsizlantiradi. Eng muhimi, uni qo‘llash uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi. 30 metr kvadrat maydondagi xona dezinfeksiyasi uchun bor-yo‘g‘i 15 daqiqa kifoya.

Darvoqe, Olimjon aka ajoyib ixtirochi. Turli global muammolarni bartaraf etish yo‘lida tinim bilmaydi. Bir necha yil avval u sun’iy bulut hosil qilish va yomg‘ir yog‘dirish usulida qurib borayotgan Orol dengizini to‘ldirish texnologiyasini yaratgandi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan ma’qullangan va ijobiy tavsiya berilgan mazkur loyiha kelajakda o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

Pandemiya boshlangach esa Olimjon akaning halovati yana yo‘qoldi. U qanday qilib koronavirusdan insoniyatning jonini omon saqlash ustida o‘ylay boshladi. Nihoyat kutilgan samaraga erishildi.

Loyiha muallifining ta’kidlashicha, yangi yaratilgan texnologiya havo orqali infeksiya yuqishi xavfini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Bu texnologiyaning universalligi shundaki, u nafaqat tojsimon o‘lat, barcha turdagi mikroblar, bakteriyalar va viruslarning kushandasiga aylanadi.

Mutaxassislarimiz ushbu texnologiyadan tibbiyot muassasalari va odam gavjum bo‘ladigan boshqa bino va inshootlarda foydalanishni tavsiya etishmoqda. Uning ishlash prinsipi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz.

Yangi innovatsion qurilma yaqin kunlarda mamlakatimizda ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanyapti.

Farrux Bo‘tayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi qurilma yaratdi