09:30 / 13.02.2023
369

Surunkali bosh og‘rig‘i sog‘lig‘ingiz haqida nimalar deya oladi?

Surunkali bosh og‘rig‘i sog‘lig‘ingiz haqida nimalar deya oladi?
Foto: Marie Claire
Bosh og‘riqlari muntazam ravishda bezovta qilib turganda “o‘tib ketadi” qabilida ish tutish yaramaydi. Bu muammoni tibbiy tomondan ko‘rib chiqish vaqti kelganini, organizmning muhim SOS signallari bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Bosh og‘rig‘i kuchayganda ham xotirjam o‘tiraveramiz, chunki eng yaqin dorixonada har doim og‘riq qoldiruvchi dorilar bor, uni qabul qilib, ishni kelgan joydan davom ettirish odatga aylangan.

Biroq shifokorlar bunga shubha bilan qarashadi. Takrorlanuvchi bosh og‘rig‘i mutaxassisga uchrash uchun katta sababdir. Birinchidan, bu gipertoniyadan tortib markaziy asab tizimining buzilishigacha bo‘lgan barcha kasalliklardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan alomatdir. Bosh og‘rig‘ining jiddiy sabablari, shuningdek, harakatsiz turmush tarzi, haddan tashqari stress va boshqa kasalliklarni o‘z ichiga oladi.

Bularning barchasi biroz qo‘rqinchli tuyulishi mumkin, ammo umumiy bosh og‘rig‘i ortida jiddiyroq xavf yashiringanini aniq ko‘rsatadi. Organizmdagi har qanday keng tarqalgan buzilishlar signal beradi. Quyida bu jarayon atroflicha tushuntirilgan.

Bosh og‘rig‘i qanday paydo bo‘ladi?
Olimlarning fikricha, bosh og‘rig‘i qon tomirlarning “shishishi” tufayli yuzaga keladi, ya’ni ularni o‘rab turgan nervlarning cho‘ziladi va og‘riq signallarining paydo bo‘lishiga olib keladi. Bosh og‘rig‘ining alohida “turlari” ham bor: migren, stress va boshqa.

Migren
Migrenni to‘rt bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqich prodromaldir. Og‘riq paydo bo‘lishidan bir necha kun oldin bo‘yin sohasida qattiqlik hissi, esnash va doimo nimadir yeyish istagi bilan boshlanadi.

Ikkinchi bosqich — bu aura. U 20 dan 60 minutgacha davom etadi va ko‘z atrofida dog‘lar, yuz yoki tananing biror qismida uyquchanlik, gapirishda qiyinchilik kabi o‘ziga xos jismoniy o‘zgarishlar bilan tavsiflanadi.

Keyingi bosqich — 4 soatdan 72 soatgacha davom etishi mumkin bo‘lgan hujum bosqichi. Bu davrda odam kuchli bosh og‘rig‘ini boshdan kechiradi, yorug‘lik, tegish, hid va tovushlarga nisbatan sezgirligi oshadi. Bu alomatlar ko‘ngil aynishi bilan birga kechishi ehtimoldan holi emas. Postdromal faza sodir bo‘lganda, odam charchoqning kuchayishini va asabiylashishni his qiladi.

Zo‘riqish

Foto: Marie Claire
Bosh og‘rig‘ini bosh yoki bo‘yin mushaklarining zo‘riqishidan ham kelib chiqishadi. Genetik jihatdan moyil bo‘lishi mumkin bo‘lgan migrendan farqli o‘laroq, zo‘riqish bugungi kunda har bir kishi duch keladigan keng tarqalgan hodisadir. Ularni keltirib chiqaradigan omillar orasida stress, suvsizlanish, immunitet kasalliklari va boshqalarni ajratib ko‘rsatish o‘rinlidir.

Tez-tez bosh og‘rig‘i nimani anglatadi?
Surunkali bosh og‘rig‘i xususida aniq gapirish uchun u ketma-ket uch oy davomida oyiga 15 kun yoki undan ko‘proq davom etgan bo‘lishi kerak. Og‘riqlar, masalan, atigi ikki hafta davomida sizga tinchlik bermasa, bu muammoni yengillatishi mumkin degani emas. Bu vaziyatda mutaxassis bilan bog‘langan yaxshiroqdir. Bosh og‘rig‘i sog‘liq haqida nima deyishi mumkinligini quyidagi omillar orqali bilib oling.

Suvsizlanish

Foto: Marie Claire
Bosh og‘rig‘ida, birinchi navbatda, ovqatlanish me’yorlari, kuniga iste’mol qilinadigan suv miqdoriga e’tibor berish kerak. Ko‘pincha doimiy bosh og‘rig‘i suvsizlanishni ko‘rsatadi. Suyuqlikni oz ichganda miyaga kislorod oqimi yetib borishi kamayadi, bu esa og‘riqqa olib keladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bunday belgilar paydo bo‘lsa, chanqoqlik, og‘izda quruqlik hissi va hatto, peshobning sarg‘ishligiga e’tibor bering. Iloji boricha ko‘proq suv ichishga harakat qiling, taomnomangizga tarkibida ko‘p suv bo‘lgan (pomidor, tarvuz, selderey) mahsulotlarni kiriting.

Anemiya
Anemiya organizm hujayralari va to‘qimalari orqali kislorodni tashish uchun mas’ul bo‘lgan qizil qon tanachalarining yetishmasligidan kelib chiqadi. Qizil qon tanachalarining yetishmasligi charchoqning kuchayishiga, holsizlikka, nafas olish muammolari va hokazolarga olib keladi. Anemiyaning og‘ir holatlari ham bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Kasallik omillari orasida temir tanqisligi, B12 vitamini va (yoki) foliy kislotasining past darajasi eng ko‘p uchraydi. Ushbu kasallikning birinchi belgisidayoq zudlik bilan shifokor huzuriga borish zarur.

Gormonlar
Ayollarda bosh og‘rig‘i ko‘pincha hayz davri sindromi bilan bog‘liq, shuning uchun shaxsiy kalendaringizda muhim sanalarni belgilashni unutib qo‘ygan bo‘lsangiz, bunga e’tibor qarating. Hayz ko‘rishdan oldin ayol organizmida estrogen gormoni darajasi keskin pasayadi, bu esa boshning kuchli og‘riqlariga sabab bo‘ladi.

Ammo bular ham yetarli sabab emas: menopauza, klimaks davriga tayyorgarlik, tug‘ruqdan keyingi va homiladorlik — ayollar salomatligining ushbu maxsus davrlari ham bosh og‘rig‘i bilan birga o‘tishi mumkin. Chunki bu vaqtda ayol organizmida keskin gormonal o‘zgarishlar yuz beradi.

Sirkad ritmining buzilishi
Agar muntazam ravishda juda erta yoki kech uyg‘onsangiz, bu tez-tez bosh og‘rig‘iga olib kelishi mumkin. Sababi biologik soat buzilgan. Har kuni kun tartibi me’yorlariga rioya qiling: necha soat uxlaysiz, qachon uyquga yotib, soat nechchida uyg‘onasiz — hatto, sayohatga chiqqanda ham bu tartibni yoddan chiqarmang.

Organizm kofein qaramligida
Kofein qon tomirlarni toraytiradi. Har kuni tarkibida kofein moddasi bo‘lgan ichimliklarni iste’mol qilsangiz-u, to‘satdan bir kunni ularsiz o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, qon tomirlarning toraymaganligi va bosh og‘rig‘i sizga bu e’tiborsizlikni eslatadi. To‘g‘ri, ko‘plab mutaxassislar bu holatni o‘ta zararli hisoblamaydilar va kuniga ikki stakandan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bunday ichimliklarni iste’mol qilishni istisno etishmaydi. Qahvani sevuvchilardan bo‘lsangiz, uni me’yorda ichishga harakat qiling.

Qandaydir surunkali kasallik belgisi

Foto: Marie Claire
Bosh og‘rig‘i fibromiyalgiya (surunkali mushak-tayanch harakat tizimi kasalligi), qizil volchanka va diabet kabi bir qator surunkali kasalliklarning yondosh ta’siri bo‘lishi mumkin. Biroq, bunday tashxislar bilan birga keladigan boshqa alomatlarni kuzatish zarur. Darhol xulosa chiqarishdan avval, bosh og‘rig‘ining kuchini baholashingiz, uning chastotasini kuzatishingiz va lozim topganda mutaxassis bilan maslahatlashganingiz ma’qul.

Stress
Stress har xil: ba’zida uning sabablarini aniq bilamiz va ba’zida asabiylashganimizni sezmasligimiz ham mumkin. Boshqa tomondan, boshdagi oddiy zo‘riqish osongina migrenga aylanishi va bu butunlay boshqacha og‘riq va noqulaylik darajasi paydo qilishi hech gap emas. Organizm stress ta’sirida bo‘lganda, bo‘yin va bosh terisi mushaklari intensiv ravishda qisqarishni boshlaydi, bu nervlarga bosim o‘tkazadi va og‘riq chaqiradi. Tez-tez tushunarsiz (va kuchli) bosh og‘rig‘i kuzatilganda, vaziyatni to‘xtatish va tahlil qilish vaqti keldi: birdan beshgacha bo‘lgan shkalada qanchalik yaxshisiz? Nega bu shunday va boshqacha emas? Va sizning holatingizga hozirgidek nima ta’sir qildi? Yodingizda bo‘lsin: o‘z-o‘zini tahlil qilish, kuzatish va organizmga ongli munosabat hamma narsadan ustunroqdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Surunkali bosh og‘rig‘i sog‘lig‘ingiz haqida nimalar deya oladi?