14:41 / 22.09.2023
284

O‘pkangizda muammo borligidan darak beruvchi 10 ta simptom

O‘pkangizda muammo borligidan darak beruvchi 10 ta simptom

Foto: “Domashniy ochag”

Nafas olishning qiyinlashishi, shishlar va boshqa simptomlar o‘pkada turli kasallikning rivojlanayotganidan darak berishi mumkin. Agar sizda quyidagi simptomlar kuzatiladigan bo‘lsa, nafas yo‘llarida jiddiy kasalliklar, hatto saraton rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Oyoqning shishishi, bo‘shashi va og‘rishi

Ushbu simptomlar qon tomirlarda trombozlar paydo bo‘layotganining alomatlaridan biri bo‘lishi mumkin. Trombozlar rivojlanib ketadigan bo‘lsa, o‘pka emboliyasiga ham olib kelishi mumkin.

Nafas olishning qiyinlashishi

Stress, gripp va yuqori nafas yo‘llarining virusli kasalliklari nafas olishning qiyinlashishiga olib kelishi mumkin. Ammo ushbu holat uzoq vaqt kuzatiladigan va harorat ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘ladigan bo‘lsa shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki kasallik o‘pkaga o‘tgan bo‘lishi va pnevmoniya rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin.

Zinapoyadan ko‘tarilishga qiynalish

Zinadan chiqish yoki ozgina harakat bilan charchab qolish yoki nafas qisishi holatlari kuzatiladigan bo‘lsa, shifokorga uchrashingiz kerak. Sababsiz nafas qisishi eng ko‘p tarqalgan surunkali o‘pka kasalliklariga xos simptom.

Chuqur nafas olishga qiynalish

Astma istalgan yoshdagi bemorda rivojlanishi mumkin va uning kelib chiqishiga surunkali sinutsit va boshqa virusli kasalliklar ham sabab bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, yoshi katta bemorlarning aksariyati mutaxassisga murojaat qilmaguncha astma rivojlanayotganini taxmin ham qilmaganlar. Agar siz ko‘krak qafasida xirillashni sezayotgan bo‘lsangiz va chuqur nafas olishga qiynalsangiz, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling.

Ovozning o‘zgarishi

Ovozning o‘zgarishi juda ham muhim va beye’tibor qoldirmaslik kerak bo‘lgan simptomlardan hisoblanadi. Bunga shamollash yoki boshqa kasallik sabab bo‘lishi va bir-ikki haftada o‘tib ketishi ham mumkin, lekin uzoq vaqt davom etadigan bo‘lsa, mutaxassisga uchrashga shoshiling.

Yelkada og‘riq

Bir qarashda o‘pka bilan aloqasi yo‘qdek, ammo inkor etmaslik kerak bo‘lgan jiddiy simptomlardan biri yelkaning og‘rishi hisoblanadi. Gap shundaki, o‘pkada rivojlanayotgan o‘simtalarning ayrimlari yelkaga yaqin joylashgan nervlarga ta’sir qilishi mumkin.

Tirnoqlar rangining o‘zgarishi

Tirnoqlar qorayishi yoki unda ko‘karishlar paydo bo‘lishi ham bejizga bo‘lmasligi mumkin. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligida lab, tirnoqlardagi hujayralar yaxshi qon bilan ta’minlanmasligi sabab ko‘karishlar paydo bo‘lishi mumkin.

Vazn kamayishi

Sababsiz vazn tashlash — shifokorga murojaat qilish uchun jiddiy sabab. Bu ba’zi saraton kasalliklari yoki O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligiga xos eng ko‘p tarqalgan simptomlardan biri.

Tananing yuqori qismida og‘riq

Ko‘krak qafasi, qo‘ltiq, bo‘yin va mushaklarda, shuningdek, yelka sohasi hamda o‘mrov atrofida og‘riq kuzatilishi ham fibrozdan tortib o‘pka saratonigacha bo‘lgan xavfli kasalliklardan dalolat beradi.

Nafasning g‘ichirlashi

Ushbu simptom, ayniqsa, ertalab kuzatiladigan bo‘lsa, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi yoki astmaning simptomlaridan biri bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, mazkur simptomlar kuzatiladigan bo‘lsa, mutaxassisga borishni chetga surmang.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » O‘pkangizda muammo borligidan darak beruvchi 10 ta simptom