00:44 / 24.09.2023
309

Kuzda allergik kasalliklar kuchayishiga ta’sir qiladigan omillar aytildi

Kuzda allergik kasalliklar kuchayishiga ta’sir qiladigan omillar aytildi

Foto: AP
Salqin kunlar boshlagach, zamburug‘ sporalarining yomg‘irdan keyin havoga yuqori konsentratsiyada ko‘tarilishi natijasida zamburug‘ga nisbatan allergik holatlarning og‘ir formalari uchraydi.

Mavsumiy allergiya nafaqat bahor va yoz mavsumi, balki kuz faslida ham kuzatiladi. Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova ularni sanab o‘tdi.

«Agar sentyabr, oktyabr, noyabr oylari ham nisbatan issiq kelib, yog‘ingarchik bo‘lmasa, o‘simlik changchalari o‘z allergik xususiyatini saqlab qoladi. Salqin kunlar boshlagach, zamburug‘ sporalarining yomg‘irdan keyin havoga yuqori konsentratsiyada ko‘tarilishi natijasida zamburug‘ga nisbatan allergik holatlarning og‘ir formalari uchraydi. Bundan tashqari, uy changi va it, mushuk singari hayvonlar juni ham simptomlarni keltirib chiqaruvchi muhim allergenlar hisoblanadi. Kuz oylarida zamburug‘ sporalari eng ko‘p uchraydigan manba — daraxt va butalardan to‘kilgan yaproqlardir. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog‘orlagan xonalar hamda yerto‘lalarda ham kuzatiladi», dedi mutaxassis.

Qayd qilinishicha, buning oldini olish uchun xonadon hovlisi yoki bog‘ va ayvonlarni, qolaversa, tarnov va mo‘rilarni to‘kilgan barglardan tozalash zarur. Qolaversa, hammom va oshxonani mog‘orlardan xoli tutish tavsiya etiladi. Shuningdek, xona ichidagi namlik darajasini kamaytirib, uni 25-50 foizgacha saqlash muhim.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, salqin ob-havo muhiti uy changlarining ko‘payishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, kon’yunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda ko‘proq kuzatiladi.

«Allergiyani qo‘zg‘atuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang to‘plovchi jihoz va anjomlar — gilam va to‘shamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va o‘yinchoqlar hamda kitoblardir. Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi uy hayvonlari junidan aziyat chekadi. Bunday vaziyatda allergik reaksiyalardan butunlay xoli bo‘lish imkonsiz. Biroq xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali simptomlarni kamaytirish mumkin», dedi shifokor.

Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishi tavsiya etiladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Kuzda allergik kasalliklar kuchayishiga ta’sir qiladigan omillar aytildi